Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish niyatida va Yevroosiyo taraqqiyot bankiga aʼzo boʻlishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yigʻilishida maʼlum qildi, deya yozmoqda TASS nashri.
“Hozirda Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilish shartlari va tartiblarini kelishish jarayoni davom etmoqda”, — deydi Aripov.
Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning tegishli idoralari va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi departamentlari oʻrtasida yaqin hamkorlik boʻyicha qoʻshma yoʻl xaritasini muvofiqlashtirish ishlari yakunlanmoqda.
“YEOIIga aʼzo davlatlar ushbu hujjatni tasdiqlash va qabul qilishda qoʻllab-quvvatlashiga umid bildiramiz, shuningdek, aziz hamkasblardan Oʻzbekistonning YEOII doirasida amalga oshirilayotgan elektron texnologiyalarni rivojlantirish kabi tashabbuslardagi ishtirokini maʼqullashini soʻrayman. Bugungi yigʻilishda savdo, temir yoʻl transportini raqamlashtirish, «Agroekspress” logistika loyihasi va iqlim oʻzgarishi boʻyicha hamkorlik kun tartibi koʻrib chiqildi», — deya qoʻshimcha qilgan Aripov.
Xabarga koʻra, Oʻzbekiston Bosh vaziri 2022 yilning mart va aprel oylarida respublika poytaxtida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va “Innoprom: Markaziy Osiyo” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtishini maʼlum qilgan hamda Yevroosiyo hukumatlararo kengashi ishtirokchilarini ushbu anjumanga taklif etgan.
Avvalroq Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining 4 ta loyihasiga qoʻshilayotgani haqida xabar berilgandi.


