22 fevral kuni savdolarning ochilishida Rossiya fond bozori 9 foizdan koʻproqqa kamaydi. Moskva birjasi indeksi 2756,46 punktgacha tushdi, bu oxirgi savdo sessiyasi yopilishidan 9,2 foizga past. RTS indeksi 10,9 foiz yoʻqotdi va minimal 1075,98 punktni tashkil etdi. Bu haqda Forbes yozmoqda.
Sharqiy Yevropadagi vaziyat Rossiya fond bozori qulashidan tashqari mamlakat valyutasi — rublga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Rubl turk lirasini ortda qoldirib, dunyodagi eng beqaror valyutaga aylandi. Shuningdek, 22 fevral holatiga koʻra, rublning 1 dollarga nisbatan qiymati 82 rubldan oshib ketdi.
Qayd etish kerakki, Rossiya va Ukraina chegarasidagi vaziyat Yevropaning energetik xavfsizligiga ham taʼsir qilmoqda. Yaʼni rubl va Mosbirja qulagani bilan Buyuk Britaniya hamda Norvegiyada qazib olinadigan Brent markali neft narxi 2014 yildan beri ilk bor bir barrel uchun 100 dollarga yaqinlashdi.
Neft narxining koʻtarilishi Yevropa Rossiya neftini sotib olishda muammolarga duch kelishi va yoqilgʻiga boʻlgan talabning ehtimoliy oʻsishidan darak beradi. Shu sabab ham Yevropada mavjud neftning narxi koʻtarilmoqda.
Ukraina sharqidagi geosiyosiy vaziyatning yomonlashuvi esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Donesk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olish haqidagi farmonlarni imzolagani hamda Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlariga oʻzini oʻzi eʼlon qilgan respublikalarda tinchlikparvarlik funksiyalarini bajarishga koʻrsatma bergani bilan izohlanadi.
Qayd etish kerakki, Gʻarb davlatlari Moskvaning harakatlarini xalqaro huquqning buzilishi deb baholab, sanksiyalar qoʻllashi mumkinligini eʼlon qilgan.
Maʼlumot uchun, ayni vaqtda Ukraina va Rossiya chegarasida keskin harbiy holat saqlanib qolmoqda. Ikki davlat munosabatlarining bu darajada sovuqlashishi 2013 yilga borib taqaladi. Ziddiyatga Rossiya bilan bevosita umumiy chegaraga ega boʻlgan Ukrainaning Gʻarbga yaqinlashishi hamda NATO va Yevropa Ittifoqi kabi tashkilotlar aʼzosiga aylanish xavfi sabab boʻlgan.
Tan olinmagan Donesk va Lugansk Xalq Respublikalari Donbass deb atalmish regionda, Ukraina va Rossiya oʻrtasida joylashgan. Ular avval Ukraina tarkibiga kiruvchi mamlakatning sharqida joylashgan Donesk va Lugansk viloyatlari hisoblangan. Biroq 2013 yilda Ukrainada boshlangan siyosiy inqirozdan soʻng, ushbu viloyatlar Rossiyaning “koʻmagida” mustaqil respublikaga aylangan.
Hozirda ayni ushbu hududda harbiy harakatlar ketayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Rus nashrlari Ukraina tan olinmagan Donesk va Lugansk respublikalari hududini oʻqqa tutayotgani haqida yozmoqda.


