Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

“Oldimdan qoʻshgan boʻlsam, qoʻshdim, davlatning bir soʻmiga ham xiyonat qilmadim” — Jahongir Ortiqxoʻjayev

Poytaxt hokimi mashinalaridan birini sotib, tushgan pul bolalar operatsiyasi uchun sarflanishini taʼkidladi.

Foto: Xalqaro press-klub

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev jurnalistlar bilan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida “davlatning bir soʻmiga xiyonat qilmaganini” aytdi.

“Davlatga bir soʻm xiyonat qilganim yoʻq. Oldimdan qoʻshgan boʻlsam, qoʻshdim, topganimni bergan boʻlsam, berdim. Bir soʻm pul olganim yoʻq”, — deydi u.

Shuningdek, Jahongir Ortiqxoʻjayev poytaxt hokimiga aylanmasdan avval avtomobillari koʻp boʻlganini, biroq endilikda ularning soni keskin qisqarganini taʼkidladi.

“Shahar hokimi boʻlishimdan oldin 35 ta mashinam bor edi. Juda yaxshi koʻraman mashinani, juda ham yaxshi koʻraman. Hozir 6 ta qoldi”, — deydi hokim.

Jahongir Ortiqxoʻjayev yaqinda yana bitta mashinasini auksionga qoʻyishini qoʻshimcha qilgan. Sotuvdan tushgan pul esa yuragida nuqsoni bor bolalarning operatsiyasi uchun sarflanishi aytildi.

“Yana yaqinda bitta mashinamni auksionga qoʻyaman. Sotilgan pulidan yana yuragida nuqsoni bor bolalarni operatsiya qildiramiz. Agar bular gunoh boʻlsa, men roziman. Lekin men bugungacha davlatga 1 soʻmlik xiyonat qilmadim, buni 100 foiz bilaman. Lekin mening aybim, qilgan narsalarimni aytib turishim kerak ekan. Aytmaganim gunoh”, — deydi u.

Shuningdek, Toshkent hokimi bir vaqtlar Sirgʻali tumanidan uysiz oilalarga 400 ta xonadon sovgʻa qilinganini, lekin ushbu amal jamoatchilikka eʼlon qilinmaganidan afsuslanishini taʼkidladi.

Avvalroq tadbirkor Murod Nazarov Ocard brendi ostidagi suv biznesi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevning qiziga tegishli ekanini aytgani xabar qilingandi.