Oʻzbekistonda moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarga mukofot puli toʻlanadi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilingan. Qaror bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, 2023 yil 1 yanvargacha “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi toʻliq ishga tushiriladi.
Inspeksiyada byudjet hisobidan amalga oshirilgan qurilishlar uchun qilingan toʻlovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazorat oʻrnatish uchun Qurilish obyektlarida nazorat oʻlchovini amalga oshirish boshqarmasi (40 ta shtat birligidan iborat) tashkil etiladi.
Taʼkidlanishicha, 2022 yil 1 apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga mukofot toʻlanadi. Shuningdek, 2022 yil 1 noyabrgacha Inspeksiya xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit sohasidagi xalqaro tajribalar asosida maxsus oʻquv kurslarida oʻqitiladi.
Bundan tashqari, 2022 yil 1 noyabrdan Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimlariga malaka sertifikati berish tizimi joriy etiladi.
Avvalroq Oʻzbekiston banklaridagi moliyaviy xizmatlar boʻyicha maʼlumot beruvchi portal ishga tushgani xabar qilingandi. Shuningdek, soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan 15 kishiga 9 million soʻm toʻlangani haqida xabar berildi.


