Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

“Xalq banki”ning Andijon filiali xodimlari 4,6 mlrd soʻmni oʻzlashtirib yubordi

Kamomadga yoʻl qoʻygan 13 nafar bank xodimiga Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan ayb eʼlon qilindi.

Foto: “xabar.uz”

“Xalq banki”ning Andijon viloyati Amaliyot boʻlimi xodimlari katta miqdorda pul oʻzlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kommers.uzʻga xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura tomonidan AT “Xalq banki” Andijon viloyati Amaliyot boʻlimi xodimlari va boshqalarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Tergov davomida bank xodimlari 4,6 milliard soʻmni oʻzlashtirganliklari aniqlangan”, deyiladi prokuratura xabarnomasida.

Ushbu kamomadga yoʻl qoʻygan 13 nafar bank xodimlariga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan ayb eʼlon qilingan. 11 nafariga esa qamoq, 2 nafariga garov ehtiyot choralari qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq “Xalq banki”ning uch nafar xodimi mehnat faoliyati vaqtida halok boʻlgani tasdiqlangani xabar qilingandi.