Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi tomonidan 1–31 yanvar kunlari Qoʻyliq va Chorsu dehqon bozorlarida asosiy isteʼmol tovarlarining ulgurji narxlari boʻyicha kuzatuv natijalari eʼlon qilinib borildi. Vazirlik asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi va goʻsht mahsulotlarining ulgurji narxlari oʻzgarishi yuzasidan tahliliy maʼlumot berdi.
Arzonlagan mahsulotlar
Ushbu davr mobaynida bozorda ananas narxi 7500 soʻmga, apelsin 5500 soʻmga, limon 5000 soʻmga, anor 4500 soʻmga, bodring 3500 soʻmga, banan 2500 soʻmga, uzum 1500 soʻmga, mandarin va loviya 1000 soʻmga, mosh va guruch (alanga) 500 soʻmga, piyoz 250 soʻmga, sabzi 150 soʻmga va kartoshka 100 soʻmga arzonlagan.
Qimmatlagan mahsulotlar
Bozorlarda bulgʻori qalampiri (yashil) narxi 7000 soʻmga, bulgʻori qalampiri (qizil) 5000 soʻmga, sarimsoq piyoz 2500 soʻmga, pomidor 1000 soʻmga, noʻxat 500 soʻmga hamda bodring 250 soʻmga oshgan.
Bozorlarga eng koʻp keltirilgan mahsulotlar
Tezkor maʼlumotlarga asosan, Qoʻyliq bozoriga 1–31 yanvar kunlari hududlardan jami 18,8 ming tonna mahsulotlar, xususan, 11,5 ming tonna kartoshka, 4,8 ming tonna piyoz, 1015 tonna karam va 15 ming tonna sabzi keltirilgan.
Shundan, Toshkent viloyatidan 409 tonna kartoshka, 1879 tonna piyoz, 1015 tonna karam, 603 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 28 tonna kartoshka, 1965 tonna piyoz, Jizzax viloyatidan 1005 tonna piyoz, Qashqadaryo viloyatidan 346 tonna, Surxondaryo viloyatidan 314 tonna va Sirdaryo viloyatidan 207 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.
Shuningdek, Qoʻyliq bozoriga Qozogʻistondan 2406 tonna, Qirgʻizistondan 502 tonna, Afgʻonistondan 2481 tonna, Pokistondan 3645 tonna va Erondan 2040 tonna kartoshka keltirilgan.
Shu bilan birga, hududlardan Chorsu dehqon bozoriga 1–31 yanvar kunlari jami 297,2 tonna, shu jumladan, 264,6 tonna mol goʻshti va 32,6 tonna qoʻy goʻshti keltirib sotilgan.
Avvalroq dunyo boʻylab oziq-ovqat narxlari 2022 yilda ham oshishda davom etishi xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda 2022 yil 30 ta bozor va savdo komplekslari tashkil etilishi haqida xabar berildi.


