Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oldi-sotdi va narx dinamikasi: Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozoridagi vaziyat qanday?

2021 yilda 14,5 foizga koʻp oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirildi.

Foto: OLX

2021 yilda Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozori sezilarli darajada faollashdi. Bu haqda respublika Markaziy banki eʼlon qilgan hisobotda soʻz boradi.

Qayd etilishicha, koʻchmas mulk bozorining faollashishiga ipoteka kreditlash va arzon uy-joy dasturlari koʻpayishi hisobiga aholi tomonidan talabning ortishi sabab boʻlgan.

Bundan tashqari, valyuta kursining nisbatan barqarorlashuvi koʻchmas mulk bozoriga ham oʻz taʼsirini oʻtkazgan. 2021 yilda 2020 yilga nisbatan 14,5 foizga koʻp oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirilgan.

Uy-joy oldi-sotdi shartnomalarining sezilarli oʻsishi Namangan (42 foizdan ortiq), Buxoro (+38 foiz), Andijon (+34 foiz) va Samarqand (31 foizdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan. Shu bilan birga, poytaxtda uy-joy oldi-sotdisi boʻyicha tuzilgan bitimlar ulushi 2020 yildagi 33 foizdan 2021 yilda 29 foizga, Toshkent viloyatida mos ravishda 14 foizdan 12 foizga kamaygan.

“Ushbu oʻzgarish Toshkent shahri va unga yaqin tumanlarda uy-joyga boʻlgan talabning ortib borishi bosqichma-bosqich normallashayotganidan dalolat beradi va boshqa hududlarda infratuzilmaning rivojlanishi aholining hududiy bozorlarda koʻchmas mulk sotib olishiga asosiy sabab boʻlishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Narx dinamikasi

2021 yilning 4-choragida narxlarning yanada jadal oʻsishi kuzatilgan va ikkinchi darajali uy-joylarning oʻrtacha qiymati respublikada 3-chorakga nisbatan 5,1 foizga oshgan.

Toshkent shahrida oʻtgan choraklarga nisbatan koʻchmas mulk narxlarining nisbatan barqaror oʻsishi 1,5-2 foizga kuzatilgan boʻlsa, toʻrtinchi chorakda oʻsish surʼatlarining tezlashishi (4,2 foiz) kuzatildi. Katta ehtimol bilan narxlarning oshishi 2021 yilda mamlakatda hukm surayotgan makroiqtisodiy sharoitlar bilan bogʻliq

Shuningdek, Samarqand, Andijon, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida narxlarning 10 foizdan ortiq oʻsishi kuzatilgan. Agar uy-joy sotib olish va sotish boʻyicha bitimlar soniga murojaat qiladigan boʻlsak, bu hududlarda talab va narx oʻrtasida yaqin ijobiy bogʻliqlik mavjud.

Shu bilan birga, tannarxning sezilarli darajada oshishi, ehtimol, namunadagi qimmatroq kvartiralarning ustunligi bilan bogʻliq (joylashuv, infratuzilmani rivojlantirish, mebel jihozlari va taʼmirlash tufayli). Boshqa hududlarda oʻrtacha oʻzgarish narxlarning keskin sakrashlarisiz koʻrsatiladi.