Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

2022 yil taraqqiyot strategiyasi doirasida qariyb 12 mlrd dollarlik chora-tadbirlar amalga oshiriladi

“Inson qadri uchun 100 ta maqsad” belgilab olingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kun tartibida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalari qamrab olingan, kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha “Inson qadri uchun 100 ta maqsad” belgilab olingan.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbirni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

“Barcha saʼy-harakatlarimiz, ajratilayotgan mablagʻlar mahalla va xonadonlargacha aniq yetib borishi va har bir oila farovonligini oshirishga xizmat qilishi shart.

Buning uchun respublika, viloyat, tuman va shahar hamda mahalla darajasidagi barcha rahbarlar bor kuch va resurslarini toʻliq safarbar qilishlari zarur”, — deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, bundan buyon faoliyat mutlaqo yangicha, yaʼni, “inson–jamiyat–davlat” tamoyili asosida tashkil etiladi.

Davlat rahbari strategiyaning inson qadrini yuksaltirish va xalqparvar davlat barpo etish yoʻnalishidagi vazifalarni koʻrsatib oʻtgan. Jumladan, bular:

  • mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish;
  • xalq bilan muloqot mexanizmlarini takomillashtirish;
  • “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa hududiy dasturlarni jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish;
  • davlat organlarini “mahallabay” ishlash tizimiga oʻtkazish.

Shuningdek, elektron davlat xizmatlarining ulushini amaldagi 54 foizdan 90 foizga yetkazish hamda jamoatchilik fikrini muntazam va ilmiy asoslangan holda tizimli oʻrganish koʻzda tutilgan. Buning uchun, “Ijtimoiy fikr” markazi faoliyati takomillashtirilib, alohida Sotsiologiya instituti tashkil etiladi.