Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Jahon banki Oʻzbekistonda 5 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshiradi

JBning 2022–2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi muhokama qilindi.

Foto: “kievpravda.com”

Jahon banki Oʻzbekistonda umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarga teng 25 ta loyihani hayotga tatbiq etadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 18 yanvar kuni Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli boshchiligidagi bank delegatsiyasining Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hududiy boshqaruv, ijtimoiy soha vakillari, tadbirkorlar hamda jamoatchilik vakillari bilan onlayn uchrashuvlari boʻlib oʻtgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi maʼlumotlariga koʻra, uchrashuvlarda tomonlar Jahon bankining 2022–2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik Dasturini muhokama qilgan.

Bundan tashqari, uchrashuvlarda Jahon banki guruhining 2016–2021 moliyaviy yillardagi Oʻzbekiston bilan hamkorlik dasturini amalga oshirish natijalari, erishilgan muvaffaqiyatlar, Jahon bankining Oʻzbekistondagi joriy dasturi portfeli (2022 yil 1 yanvar holatiga koʻra, umumiy qiymati qariyb 5,0 milliard dollar miqdoridagi 25 ta loyiha), yangi hamkorlik dasturini shakllantirishda asosiy yoʻnalishlar boʻyicha takliflar ham muhokama qilingan.

Jahon bankining 2022–2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik Dasturini muhokama etish maqsadida Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari vakillari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 noyabrdagi farmoyishiga muvofiq, Jahon banki bilan hamkorlikda 2022–2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik Dasturini tayyorlash, uni mamlakat taraqqiyot Strategiyasi bilan uygʻunlashtirish maqsadida hamkorlikning 10 ustuvor yoʻnalishida 10 ta ishchi guruh shakllantirilgan.

Avvalroq Jahon banki Oʻzbekistonga 400 million dollar kredit ajratishi xabar qilingandi.