Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Shavkat Mirziyoyev tabiiy gaz taʼminotiga oid loyihalar bilan tanishdi

Oʻzbekistondagi gaz quvurlarining yarmidan koʻpi oʻttiz yildan ortiq ishlatilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni qurilish, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz taʼminotiga oid loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent viloyatida savdo va servisni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. Shu bois avtomobil yoʻllarini kengaytirib, yoʻl boʻyi xizmatlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻplab loyihalar ishlab chiqilmoqda.

“Toshkent-Chinoz” avtomobil yoʻlini taʼmirlash loyihasi ulardan biri. Maʼlumki, bu yoʻl juda serqatnov boʻlib, bir kecha-kunduzda 60-65 ming avtotransport harakatlanadi. Shu bois uning 10 kilometr qismini taʼmirlash, 5 dona yerosti oʻtish yoʻlagi va qoʻshimcha mahalliy yoʻllar qurish moʻljallangan.

Poytaxtdagi Temur Malik koʻchasini 6 tasmali etib kengaytirish, uning ikki chetida koʻp qavatli uy va xizmat koʻrsatish binolari qurish, Jizzax shahridagi Oʻzbekiston koʻchasida 210 metrli yoʻl oʻtkazgich barpo etish boʻyicha ham loyihalar rejalashtirilgan.

Davlat rahbari bu loyihalarni maʼqullab, ularning hujjatlarini ishlab chiqish, sifatli qilib qurish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Taqdimotda tabiiy gaz yetkazib berish tizimida xususiy sheriklikni joriy etishga doir takliflar ham koʻrib chiqildi.

Bu tizimni modernizatsiya qilish juda dolzarb. Chunki mamlakatdagi gaz quvurlarining yarmidan koʻpi — 45 ming kilometri oʻttiz yildan ortiq ishlatilmoqda. Oqibatda yoʻqotishlar miqdori 20 foizdan oshib ketayapti.

Xususan, bugungi kunda Jizzax shahar gaz taʼminoti tizimida 767 kilometr quvur, 6 ta gaz taqsimlash stansiyasi, 1 ming 600 dan ziyod gaz taqsimlash punkti bor. Ushbu tizimni xalqaro standartlar asosida va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilish orqali modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan.

Texnik ustuvor yechimlardan foydalanib amalga oshiriladigan loyiha doirasida eski gaz quvurlari olib tashlanib, 1 ming 500 kilometrdan ziyod yangi quvurlar tortilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, gaz taqsimlash stansiyalari soni 6 tadan 2 tagacha qisqartirilib, 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga oʻtiladi. Natijada hozirgi holatdagi 115 million kub metr yoʻqotishlar bartaraf etiladi.

Prezident bu loyihaning samaradorligiga alohida ahamiyat qaratib, uni tezlashtirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, bunday tizimni bir paytning oʻzida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qoʻyildi. Bu ishlar gaz taqsimlash va hisob-kitobni tartibga solib, uning xalqimizga barqaror va toʻla yetib borishiga xizmat qiladi.