Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekiston 2022 yil metallurgiya sohasi uchun qariyb 500 mln dollar kredit oladi

Oltin ishlab chiqarishni 26 foizga oshirish maqsad qilingan.

Foto: “istu.edu”

Oʻzbekiston metallurgiya sohasiga 2022 yil yakuniga qadar 13 ta investitsiya loyihasi doirasida 486 million dollarlik xorijiy bank kreditini jalb qiladi. Bu haqda 2022–2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da soʻz boradi.

Qayd etilishicha, metallurgiya sohasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmlarini oltin va kumush boʻyicha mos ravishda 26 va 42 foizga, mis va qora metall mahsuloti boʻyicha 2 barobarga oshirish maqsadida 486 million dollarlik xorijiy bank krediti jalb qilinadi.

Bundan tashqari, “Navoiy KMK” AJda 2026 yilgacha qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni oshirish dasturi doirasida 1,6 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Loyihalar amalga oshirilishiga Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, “Navoiy KMK” AJ hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi masʼul ijrochi sifatida qayd etilgan. Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov esa jarayonni nazorat qiladi.

Avvalroq Oʻzbekiston mis sanoatidan qancha daromad olishi maʼlum boʻlgandi.