Oʻzbekistonda oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markaz tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida islohotlarni tadqiq qilish, strategik rejalashtirish hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilingan.
Qayd etilishicha, qaror bilan Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti negizida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi tashkil etilgan.
Markazning asosiy vazifalaridan biri oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasini institutsional tahlil qilish va islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish hisoblanadi.
Qarorga koʻra, 2022–2023 yillarda bogʻ va tokzorlarni barpo etish, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish boʻyicha koʻrgazmali dala maydonlari tashkil qilinadi.
Shuningdek, markaz davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshirilayotgan va yakunlangan loyihalar boʻyicha oʻzlashtirilgan mablagʻlar hamda erishilgan natijalarga oid maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib boradi.
Avvalroq Qishloq xoʻjaligi vazirligi YEI va BMT bilan 4 million yevrolik loyiha amalga oshirishi xabar qilingandi. Shuningdek, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligiga 19,5 million yevro ajratgani haqida xabar berildi.


