Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Obid Hakimov Oʻzbekistonda YAIM hajmini 2,5 foizga oshirish mumkinligi haqida gapirdi

U aholi jon boshiga daromad 2,5 foizga oshishi uchun ayollar tadbirkorligiga koʻproq eʼtibor zarurligini taʼkidlagan

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov xotin-qizlarning tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish yalpi ichki mahsulot hajmini 2,5 foizga oshirishini aytdi. Bu haqda u Oʻzbekistonda gender tenglik muammolarini muhokama qilish uchun “Open Space” formatida tashkil etilgan ochiq platformadagi murojaatida maʼlum qildi.

Markaz tadqiqotlariga koʻra, agar ish bilan band va yakka tartibdagi tadbirkor ayollarning umumiy soni 5 foizga oshsa, aholi jon boshiga daromad 2,5 foizga oshadi. Aksincha ayollarning tadbirkorlik qilish imkoniyati cheklansa, aholi jon boshiga toʻgʻri keluvchi daromad 3 foizga va oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlash imkoniyati cheklansa, ushbu koʻrsatkich 1,3 foizga kamayadi.

“Xotin-qizlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ish bilan taʼminlash nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy masaladir”, — deydi Obid Hakimov.

Statqoʻm maʼlumotiga koʻra, 2021 yilning 9 oyida Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi joriy narxda 519,8 trillion soʻmni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 6,9 foizga oʻsgan.

Avvalroq, Obid Hakimov 2026 yilgacha mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini 107 milliard dollargacha yetkazish asosiy maqsad ekanini aytgandi. 

Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot ayni paytda 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bunday oʻsish tendensiyasida aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan miqdor hozirgi 1750 dollardan 2026 yilgacha 2800 dollargacha va 2030 yilgacha 4000 dollargacha koʻtarilishi rejalashtirilgan.