Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda ipotekadagi uyda bank roziligi bilan roʻyxatdan oʻtishga ruxsat berildi

Endilikda ipoteka krediti asosida sotib olingan, bank garovida boʻlgan uy-joylarda uy egasining arizasi va bank roziligi bilan fuqarolarni doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish mumkin boʻladi.

Oʻzbekistonda ipotekaga olingan uyda bank roziligi bilan roʻyxatdan oʻtishga ruxsat berildi. Bu haqda 12 may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda Ipoteka va uy-joy dasturlarini moliyalashtirish va hisobini yuritish boʻlimi boshligʻi Javohirbek Amonov maʼlum qildi.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni uy egasi arizasi va garovga oluvchining (bank) roziligi bilan yashash joyi va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat berilishi belgilangan edi.

Amonov bu masala oʻtgan yilgi ochiq muloqotlarda ham koʻtarilganini, shu bilan birga, aholi tomonidan ham “propiska” boʻyicha murojaatlar kelib tushganini taʼkidladi. Shundan kelib chiqib, bunga ruxsat berilgan.

“Hozirgi kunda bu tartib amaliyotga joriy etilgan. Yaʼni, ipotekaga sotib olingan, bank garovida boʻlgan uy-joylarga farmon qabul qilingan kundan boshlab uy egasining arizasi va bank ruxsati bilan fuqarolarni «propiska”ga qoʻyish mumkin», — dedi u.

Bundan tashqari, vazirlik boʻlimi boshligʻi hozirda ijtimoiy soliqni ixtiyoriy toʻliq toʻlagan oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga ham ipoteka kreditlari ajratilayotganini maʼlum qildi. Biroq, hozircha bu boʻyicha aniq statistik maʼlumotlar mavjud emas.

Ushbu tartib bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan: 2026 yilda oʻzini oʻzi band qilganlarning oxirgi bir yil, 2027 yilda — ikki, 2028 yildan boshlab esa oxirgi uch yillik soliqlar hisobga olinadi.