Qonunchilik palatasi majlisida Markaziy bank faoliyatini yanada takomillashtirish, uning mustaqilligi va bank tizimi barqarorligini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha bilan Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish Senat qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjat loyihalarini majburiy kelishish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlar, korporativ boshqaruv va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga oid hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonini yengillashtirish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar koʻrish maqsadida MBning normativ-huquqiy hujjatlarini kuchga kirishiga oid qoidalar belgilanmoqda.
Deputatlar mazkur qonun loyihasi bank tizimidagi tavakkalchiliklarni samarali boshqarishda muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi.


