Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Markaziy bank bank rahbarlarini qoidabuzarliklar uchun jarimaga tortishi mumkin boʻladi

Bundan tashqari, sanksiyalar va boshqa choralarni qoʻllash bilan bogʻliq tartib-taomillarning muddatlari qayta koʻrib chiqilmoqda.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank banklarga, shuningdek, nobank tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar va boshqa choralarni qoʻllash toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritdi. Adliya vazirligi 2 may kuni regulyator rahbari Timur Ishmetovning tegishli buyrugʻini roʻyxatga oldi.

Nizomning amal qilishi soʻnggi yillarda Oʻzbekiston qonunchiligiga kiritilgan moliya muassasalarining yangi turlariga ham tatbiq etiladi. Gap mikromoliya banklari, faktoring va kafillik tashkilotlari hamda kredit byurolari haqida bormoqda.

Sanksiyalarni qoʻllash tartibi oʻzgaradi. Xususan, huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori endilikda huquqbuzar tashkilotning moliyaviy holati va uning faoliyat koʻlamini hisobga olgan holda belgilanadi.

Bundan tashqari, sanksiyalar va boshqa choralarni qoʻllash bilan bogʻliq tartib-taomillarning muddatlari qayta koʻrib chiqilmoqda. Markaziy bank tegishli qarordan koʻchirmani moliya tashkilotiga yoki uning rahbariga 7 ish kuni ichida yuborishi mumkin (hozir — 3 ish kuni).

Agar tashkilot qaror ustidan Apellyatsiya kengashiga shikoyat qilsa, u shikoyatni 15 kun ichida koʻrib chiqishi kerak. Biroq endi bu muddatni batafsil oʻrganish va tekshirish zarur boʻlganda yoki qoʻshimcha hujjatlar soʻralganda 1 oygacha uzaytirishga yoʻl qoʻyiladi.

Ruxsat etilgan koʻrsatmalar roʻyxatiga moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini tiklash boʻyicha chora-tadbirlar kiritildi. Markaziy bank moliya tashkilotiga qayta hisob-kitob qilish, ortiqcha yoki asossiz undirilgan mablagʻlarni qaytarishni buyurishi mumkin.

Shuningdek, regulyator quyidagi hollarda banklar va boshqa tashkilotlarning ayrim operatsiyalarini cheklash huquqiga ega boʻladi:

  • banklar ustav kapitalining eng kam miqdoriga doir talablar bajarilmaganda;
  • kiberxavfsizlik tahdidlarining, shu jumladan bank kartalaridan oʻgʻirliklarning oldini olish va bartaraf etish talablarini buzish.

Markaziy bank bank rahbariyatini jarimaga tortishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklar roʻyxati koʻrsatiladi. Ular orasida:

  • qonun hujjatlariga muvofiq bankni tashkil etish, tavakkalchiliklarni boshqarish va ichki nazoratni taʼminlash boʻyicha vazifalarni bajarmaganlik;
  • qonunlarga zid qarorlar qabul qilish yoki ularni qabul qilishga rozilik berish;
  • mansab majburiyatlari doirasida qoidabuzarliklarning oldini olish boʻyicha choralar koʻrmaganlik;
  • qoidabuzarliklar natijasida isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni kamaytirish yoki bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrilmaganligi;
  • qoidabuzarliklar va ularning sabablarini yashirishga qaratilgan harakatlar;
  • oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyishi.

Markaziy bank oʻz saytida bank rahbarlariga nisbatan qoʻllanilgan sanksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ularning toʻliq ism-shariflarini koʻrsatgan holda eʼlon qilish huquqiga ega boʻladi.