Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Umumiy ovqatlanish sohasi uchun QQS nol stavkasi boʻyicha hali qaror qabul qilinmadi — Soliq qoʻmitasi

Soliq qoʻmitasi xalqaro tajribani oʻrganish boʻyicha avval aytilgan fikrlarga qaramay, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQSning nol stavkasini joriy etish boʻyicha qaror qabul qilinmaganini bildirdi.

Foto: Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati

Davlat soliq qoʻmitasi umumiy ovqatlanish sohasi uchun qoʻshilgan qiymat soligʻining (QQS) nol stavkasi joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan tushuntirish berdi.

Idoraning qayd etishicha, soha vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda biznesni qoʻllab-quvvatlashning turli usullari, jumladan, xalqaro tajriba ham muhokama qilingan. Xususan, ayrim davlatlarda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS boʻyicha imtiyozli shartlar qoʻllanishi misol tariqasida keltirilgan.

Shu bilan birga, bu kabi choralar, odatda, biznes tomonidan muayyan majburiyatlar — masalan, xodimlar soni, ish haqi darajasi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan birga amalga oshiriladi.

«Mazkur masala doirasida faqat xorijiy tajribani oʻrganish va sohani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ehtimoliy yondashuvlarni koʻrib chiqish haqida soʻz yuritildi. Hozirgi bosqichda umumiy ovqatlanish sohasi uchun QQSning nol stavkasi joriy etilishi boʻyicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilingani yoʻq», — deya taʼkidladi Soliq qoʻmitasi.

Tadbirkorlarga mazkur sohani qoʻllab-quvvatlash yuzasidan oʻz takliflarini taqdim etish taklif qilindi. Ushbu takliflar har tomonlama oʻrganilganidan soʻng, biznes va davlat manfaatlarini inobatga olgan holda “eng maqbul qarorlar” ishlab chiqiladi.

Soliq qoʻmitasi raisi Farrux Poʻlatov 21 aprel kuni biznes vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda idora xalqaro amaliyotni, jumladan, Rossiya tajribasini oʻrganayotganini maʼlum qildi. Rossiyada umumiy ovqatlanish sohasi uchun QQSning nol stavkasi bir qator shartlar — aylanma mablagʻ, tushum tarkibi va ish haqi darajasi boʻyicha talablar bajarilganda qoʻllanadi.

Uning soʻzlariga koʻra, ehtimoliy mexanizm tadbirkorlar tomonidan belgilangan talablar bajarilgan taqdirda, QQSning standart va imtiyozli stavkalaridan birini ixtiyoriy ravishda tanlash imkoniyatini nazarda tutishi mumkin.

“Agar tadbirkorlarning koʻpchiligi rozi boʻlsa, biz buni joriy etishimiz mumkin… Yaʼni, ikki xil tarifni qoʻllash uchun qonunchilikka oʻzgartirish kiritish mumkin”, — deb taʼkidlagan edi u.

Oʻz navbatida, Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Jahongir Abdiyev soliq imtiyozlarini biznesning aniq majburiyatlari evaziga taqdim etish zarurligini urgʻuladi.

«Nol darajali QQSni qoʻllash uchun tadbirkor oʻz zimmasiga majburiyat oladi. U aytadiki: “Men, masalan, 10 mln soʻm tushumni taʼminlayman va belgilangan stavkani tushirmagan holda 20 nafar xodimga ish haqi toʻlayman”. Agar bu shartlar bajarilmasa, u bizda [QQSni] 12% toʻlaydi. Agar bunday holatlarda ham qoʻllay olsak va tadbirkorlarimizning koʻpchiligi bunga rozi boʻlsa, biz buni tatbiq etishimiz mumkin. Yaʼni, ikki xil tarifni qoʻllash boʻyicha qonunchilikka tegishli normalarni kiritish mumkin», — dedi u.