Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Aholi va tadbirkorlarning 88 foizi soliqlarni ixtiyoriy toʻlayapti — Soliq qoʻmitasi

Hududlar kesimida Toshkent shahri, Qoraqolpogʻiston Respublikasi va Samarqand viloyati soliq toʻlovchilari yuqori natija qayd etgan. 

Foto: Nova 24

Oʻzbekistonda 2026 yil yanvar-mart oylarida aholi va korxonalarning 88 foizi soliqlarni ixtiyoriy toʻladi. Soliq qoʻmitasi xabariga koʻra, eng yaxshi natija yirik soliq toʻlovchilarda qayd etilgan. Ularning qariyb 96 foizi soliq toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirgan.

Hududlar kesimida Toshkent shahri (94 foiz), Qoraqolpogʻiston Respublikasi (91 foiz) va Samarqand viloyati (90 foiz) soliq toʻlovchilari yuqori natija qayd etgan.

Yer qaridan foydalanganlik uchun soliq maksumum darajada — 100 foizligicha kechiktirilmay toʻlangan. Foyda soligʻi 98 foiz holatda, aholidan olinadigan daromad soligʻi 96 foiz holatda ixtiyoriy tarzda undirilgan.

Oʻz navbatida QQS (91 foiz), mol-mulk soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq (88 foiz), aksiz va yer soliqlarini (86 foiz) ixtiyoriy toʻlash darajasi ham yuqori boʻlgan.

Eng past koʻrsatkich suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovida boʻlib, aholi va tadbirkorlarning 62 foizi vaqtida toʻlagan.

Maʼlumot uchun, 2025-yili respublikada yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajaralishi 97 foizni tashkil etgan. Bu borada eng yaxshi koʻrsatkich yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha qayd etilgan – 98 foiz. Qoraqolpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 97 foizlik yuqori natija kuzatilgan.

Avvalroq Oʻzbekistonda 2030-yilgacha soliq tushumlari 491,5 trln soʻmga yetkazilishi xabar qilingandi. Oʻtgan yili davlat byudjetiga jami 247,8 trillion soʻm soliq tushumlari taʼminlangan. Bu 2024-yildagidan 24 foizga koʻp.