Prezident 7 apreldagi qarori bilan narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida goʻsht mahsulotlari importchilariga davlat budjetidan vaqtinchalik subsidiyalar ajratishni maʼqulladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi. Mazkur hujjat aholining ushbu mahsulot bilan taʼminlanishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
1 avgustga qadar mol va qoʻy goʻshtini import qiluvchilarga ularni havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir kilogrammi uchun 0,8 AQSH dollaridan oshmagan miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.
Shuningdek, 31 dekabrga qadar havo transporti orqali olib kirilgan nasldor qoramollar qiymatining 10 foizi, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 mln soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda kompensatsiya qilinadi.
Ushbu subsidiyalarni moliyalashtirish Agrar sohada toʻlovlar boʻyicha agentlik tomonidan amalga oshiriladi.


