Markaziy bank qarori bilan kredit va toʻlov tashkilotlarining mobil ilovalari, sayt va boshqa onlayn xizmatlarida foydalanuvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi yangilanadi. 22 apreldan roʻyxatdan oʻtish va bank kartasini ilovaga ulash jarayonlari alohida tekshiruv bosqichlari orqali amalga oshiriladi.
Hujjatga binoan, eng muhim talab — foydalanuvchining telefon raqami oʻz nomida boʻlishi kerak. Yaʼni telefon raqami bilan JSHSHIR mos kelmasa, foydalanuvchini roʻyxatdan oʻtkazish yoki kartani ilovaga ulashga ruxsat berilmaydi. Bunday holatda tizim avtomatik ravishda jarayonni toʻxtatadi va foydalanuvchiga SMS yuboradi.
Shuningdek, foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgach, tizimga kirishda qoʻshimcha tasdiqlash talab qilinadi. Bunda login va parolni qayta kiritish hamda telefonga kelgan bir martalik kod (OTP) orqali tasdiqlash zarur boʻladi. Bank kartasini ulashda ham alohida tekshiruv joriy etilib, foydalanuvchi OTP kod va biometrik tasdiqdan (masalan, yuzni aniqlash) oʻtishi kerak boʻladi.
Yana bir muhim oʻzgarish — agar foydalanuvchi ulamoqchi boʻlgan bank kartasiga ulangan telefon raqami boshqa boʻlsa, tizim kartani qoʻshishga yoʻl qoʻymaydi. Bu holatda ilova orqali maxsus ogohlantirish (push xabar) yuboriladi.
Bundan tashqari, xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida bir martalik kodlarga ham qatʼiy talablar qoʻyildi. OTP kamida 6 belgidan iborat boʻlishi, 59 soniya ichida amal qilishi va 3 marta notoʻgʻri kiritilsa, avtomatik bekor boʻlishi belgilangan. Agar foydalanuvchi kodni ketma-ket 3 marta notoʻgʻri kiritsa, uning tizimdagi harakatlari 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi va bu haqda SMS orqali xabar beriladi.
Yangi tartibga koʻra, foydalanuvchilarni masofadan biometrik aniqlashda qoʻshimcha xavfsizlik chorasi joriy etiladi. Endilikda tizimlar foydalanuvchining haqiqiy ekanini aniqlovchi maxsus “liveness detection” texnologiyasi orqali tekshiradi va bu jarayon real vaqt rejimida ishlaydi.
Tashkilotlar biometrik tekshiruvni boshqa tashkilotlarga topshirsa, ular bilan tuziladigan shartnomalarda foydalanuvchilarga yetkazilgan ehtimoliy zarar uchun javobgarlik masalasi ham belgilanishi shart. Yaʼni tizimdagi nosozlik yoki zaiflik sabab yuzaga kelgan zarar ushbu xizmatni koʻrsatuvchi tashkilot hisobidan qoplanadi.


