“El-yurt umidi” stipendiatlari majburiyatini bajarmagan taqdirda mablagʻlar undiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasida jamgʻarma tomonidan sarflangan mablagʻlarni undirish bilan bogʻliq masalalarni tartibga solish taklifi berildi. Jumladan, ushbu mablagʻlarni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga daʼvo kiritishda jamgʻarmani davlat bojini toʻlashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi norma kiritilishi taklif etildi.
Shuningdek, qonun loyihasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibini soddalashtirish, jarayon muddatlarini qisqartirish ham nazarda tutilmoqda. Xususan, bunday hujjatlar loyihasining jamoatchilik muhokamasi muddatini 10 kun etib belgilash taklifi taqdim etildi.
Agar 5 kun ichida taklif va mulohazalar kelib tushmasa, loyihani huquqiy ekspertizaga kiritish imkoniyati berilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza oʻtkazish hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatini 20 kunga qisqartirish taklif qilindi.


