Soliq qoʻmitasi raisi Farrux Pulatov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumni imzoladi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, memorandum korrupsiyaning oldini olish boʻyicha tizimli ishlarni mustahkamlash, soliq organlari faoliyatining shaffofligini oshirish hamda ichki nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Hujjat soliq organlari tizimida korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va profilaktik mexanizmlarni joriy etishga yoʻnaltirilgan professional model shakllantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni keng qoʻllash, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik siyosatini izchil rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, Soliq qoʻmitasi raisi taklifi bilan davlat soliq xizmati har bir xodimining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi ishlab chiqilgani qayd etildi. Tadbir doirasida mazkur platforma taqdimoti oʻtkazildi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Navoiy va Chirchiq shaharlarida daromadlarni deklaratsiya qilish mexanizmini joriy etish boʻyicha eksperiment sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.
Loyiha yakunlariga koʻra, ushbu tizim bosqichma-bosqich butun respublika boʻylab joriy etiladi.


