Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzini oʻzi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq 412 ming soʻmgacha oshiriladi

Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar muayyan huquqlarni olish, ruxsatnomalar berish va boshqa harakatlar uchun yigʻimlar — majburiy toʻlovlarni joriy etishni tartibga soladi.

Oʻzbekistonda oʻzini oʻzi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda toʻlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. Tegishli qonun 5 fevral kuni prezident tomonidan imzolandi.

Hujjat soliq solish, raqobat va boshqa sohalar bilan bogʻliq bir qator qonun hujjatlariga tuzatishlarni oʻz ichiga oladi. Oʻzgartirishlar natijasida “aholi va tadbirkorlarning ortiqcha sarson boʻlishiga sabab boʻluvchi” normalarni tartibga solish maqsad qilingan.

Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi BHMning 50 foizi oʻrniga oyiga 1 BHM (412 ming soʻm) miqdorida belgilanmoqda. Shu bilan birga, ular bu soliqni ixtiyoriy ravishda toʻlashlari mumkinligi alohida taʼkidlandi.

Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar muayyan huquqlarni olish, ruxsatnomalar berish va boshqa harakatlar uchun yigʻimlar — majburiy toʻlovlarni joriy etishni tartibga soladi. Yangi tahrirga koʻra, yigʻimlar faqat alohida qonunlar bilan joriy etilishi mumkin, ularni hisoblash va toʻlash tartibi esa Soliq kodeksi va “boshqa qonun hujjatlari”da belgilanadi.

Bundan tashqari, Iqtisodiy protsessual kodeksda nazorat qiluvchi organlarning arizasiga koʻra sud tadbirkorlarning litsenziya va ruxsatnomalarini toʻxtatib qoʻyishi mumkin boʻlgan muddatga cheklov kiritildi. Bu muddat 10 ish kunidan 6 oygacha boʻlishi mumkin.