Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Talabalarga turar joy xarajatlari quyidagi holatlarda davlat byudjetidan qoplanadi:
- faqat davlat oliy oʻquv yurtlarida oʻqiydiganlarga;
- kunduzgi boʻlimda oʻqiydiganlarga;
- davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqitilishidan qatʼi nazar;
- Ijtimoiy reyestrning “kambagʻallik chegarasidagi oila” aʼzosi boʻlganlarga.
Bunday talabalar oliy taʼlim tashkilotlari yotoqxonalariga navbatdan tashqari qabul qilinadi.
Talabgor ushbu masala yuzasidan oyning 7-sanasiga qadar oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori) nomiga ariza bilan murojaat etadi.
Talabgor komissiyaga arizani kontrakt.edu.uz sayti orqali mustaqil ravishda ham yuborishi mumkin.
Ariza tegishli oʻquv yili uchun bir marta beriladi.
Fakultetlar dekanlarining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosarlari (mutasaddi shaxslar) elektron shaklda yuborilgan arizalarni bir kun ichida umumlashtirib, belgilangan tartibda komissiyaga taqdim etadi.
Mutasaddi shaxslar tomonidan taqdim etilgan arizalar bir kun ichida komissiya tomonidan oʻrganiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 29.01.2026 yildan kuchga kirgan.


