Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Onlayn kredit olishda firibgarlikka uchragan fuqarolardan kreditni undirish toʻxatiladi

Surishtiruv, dastlabki tergov natijalari yoki sudning qaroriga asosan frod holati yuz bermaganligi aniqlanganda kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bogʻliq foizlarni hisoblashni hamda undirishni davom ettiradi.

Foto: TASS

Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda Kredit va toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish boʻyicha minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.

Unga koʻra, kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqaroga, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb eʼtirof etilganda, mazkur onlayn kredit va u bilan bogʻliq foizlarni hisoblashni hamda undan undirishni toʻxtatadi.

Kredit tashkiloti onlayn kredit ajratishda frod holatini sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirishi mumkin.

Kredit tashkiloti frod holatiga shubha qilganda qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

Surishtiruv, dastlabki tergov natijalari yoki sudning qaroriga asosan frod holati yuz bermaganligi aniqlanganda kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bogʻliq foizlarni hisoblashni hamda undirishni davom ettiradi.

Nizomga koʻra, mobil ilovada roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchi akkauntiga faqat ushbu shaxs yoki yaqin qarindoshlariga tegishli boʻlgan bank hisobvaragʻi, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi hamda ushbu akkaunt orqali P2P oʻtkazmalarini amalga oshirishi mumkin.

Foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIRi mos kelishi tekshiriladi hamda moslik aniqlanmaganda mobil ilovada roʻyxatdan oʻtkazish va bank kartasini biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Kredit va toʻlov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan oʻtkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart, yaʼni rasm orqali identifikatsiya qilish mumkin boʻlmaydi.

Telefonga yuborilgan 1 martalik SMS xabar 3 marotaba notoʻgʻri kiritilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi;

Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki uning parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bogʻlangan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.

Shuningdek, ushbu qurilmada bank kartalari boʻyicha moliyaviy operatsiyalar tarixi oʻchirib yuboriladi.

Bunda, bank kartalarini biriktirish biometrik identifikatsiyadan oʻtkazilgan holda amalga oshiriladi.