2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekistonning tashqi qarzi $11 mlrddan ortiqqa oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat toʻlov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga bagʻishlangan sharhida keltirilgan.
Bu davrda mamlakatning tashqi sektorida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan eksportning importga nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsishi hamda Oʻzbekistonga xalqaro pul oʻtkazmalari hajmining sezilarli oshishi uchinchi chorak davomida ham saqlanib qoldi.
Natijada, 9 oy yakuni bilan joriy operatsiyalar hisobi $207,3 mln manfiy saldo bilan shakllandi (2024 yilning 9 oyida $3,1 mlrd).
Mazkur davrda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining oʻzgarishi hamda norezidentlarga koʻrsatilgan xizmatlar hajmining koʻpayishi eksport koʻrsatkichlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Jami eksport hajmi 2024 yilning mos davriga nisbatan 32,8% ga oʻsib, $26,1 mlrdni tashkil qildi.
Mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki isteʼmol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida xorijdan mashina va uskunalar, kimyoviy, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyolar keltirilishi sababli jami import hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15,4% ga oʻsib, $36,7 mlrdga yetdi.
2025 yilning 9 oyida savdo balansining manfiy saldosi 2024 yilning mos davriga nisbatan 12,6% ga kamayib, $10,6 mlrdni tashkil qildi.
Bu davrda Oʻzbekistonga kelib tushgan xalqaro pul oʻtkazmalar hajmining oʻsishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy saldo (mos ravishda $624,9 mln va $9,8 mlrd) bilan shakllanishiga sabab boʻldi.
Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob boʻyicha kapital tushumlar, xususan, toʻgʻridan toʻgʻri, portfel investitsiyalar va boshqa mablagʻlar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirildi.
2025 yilning 9 oyi davomida mamlakatga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi undan oldingi yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga oʻsib, $2,9 mlrdga teng boʻldi.
Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bogʻliq operatsiyalar hisobiga 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga oshib, $3,8 mlrdni tashkil qildi.
Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga 2025 yilning 9 oyi yakuni boʻyicha moliyaviy hisob manfiy saldosi $955,8 mlnni tashkil etdi.
2025 yilning 9 oyida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi $1,5 mlrdga koʻpayishi kuzatildi. Shuningdek, jahonda oltin narxining yuqori oʻsishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldigʻi yil boshiga nisbatan qariyb $13,8 mlrdga koʻpayib, 1 oktyabr holatiga qariyb $55 mlrdni tashkil qildi.
Davlat qarzi
2025 yilning 1 oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonning davlat qarzi $43,97 mlrdni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich yil boshidan buyon $3,75 mlrdga oshib, YAIMga nisbatan 32,3%ga yetdi. Davlat qarzining 84%i tashqi qarz hissasiga toʻgʻri kelib, u $36,72 mlrdni, ichki qarz esa $7,25 mlrdni tashkil etmoqda.
Oktyabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov soʻmning mustahkamlanishi hisobiga davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish xarajatlari 1,3 trln soʻmga, korporativ qarzlar boʻyicha esa 3,6 trln soʻmga qisqarganini maʼlum qilgandi. Iqtisodiyotning umumiy hajmi 4,9 trln soʻmni tashkil etgan.
Bundan tashqari, regulyator raisi Oʻzbekiston tashqi qarzi barqaror darajada ekanligini qayd etdi. Ishmetovning soʻzlariga koʻra, tashqi qarz miqdor jihatidan oshayotgan boʻlsada, uning YIMdagi ulushi kamaymoqda. Soʻnggi besh yilda bu 32% dan 29% gacha pasaygan va qarz barqarorligi boʻyicha xatarlar yoʻq.

