Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi noyabr oyi uchun Oʻzbekistondagi koʻchmas mulk bozorida yuz bergan oʻzgarishlar tahlilini taqdim etdi. Mamlakatda uy-joy oldi-sotdi shartnomalari umumiy soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga oshib, 25 mingta bitimni tashkil etdi.
Hududiy dinamika
Yillik hisobda eng yuqori oʻsish Buxoro (35,4 foiz), Qashqadaryo (26,5 foiz) va Samarqand (21,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Mamlakat boʻyicha uy-joy bilan bogʻliq barcha bitimlarning taxminan 30 foizi poytaxt bozori hissasiga toʻgʻri keladi. Noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy savdosi hajmi yillik hisobda 8,8 foizga oshdi.
Respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozori
Respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy bozorida yillik hisobda narxlarning oʻrtacha 7 foiz atrofida moʻtadil oʻsishi kuzatildi.
Narxlar oʻsishining eng yuqori surʼatlari Surxondaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda narxlar oʻrtacha hisobda oʻtgan yilning shu davriga nisbatan taxminan 17 foizga oshdi.
Toshkent shahrida koʻchmas mulk bozoridagi holat
Yillik hisobda Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning oʻrtacha narxi 0,9 foizga pasaygan, birlamchi bozorda esa, aksincha, narxlar 4 foizga oʻsgan.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining pasayishi eng koʻp Mirzo-Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarida kuzatilib, ushbu hududlarda oʻrtacha pasayish taxminan 5 foizni tashkil etdi.
Poytaxtdagi birlamchi uy-joy bozorida esa narxlarning eng yuqori oʻsishi Yakkasaroy, Mirabod va Mirzo-Ulugʻbek tumanlarida qayd etildi. Ushbu tumanlarda narxlar oʻrtacha hisobda taxminan 9 foizga oshdi.
Poytaxtda ijara bozori
Noyabr oyida Toshkent shahrida oʻrtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun 8,7 dollarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga yuqori.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 11 dollar.
Shuningdek, ijara narxlarining oʻsishi Mirzo-Ulugʻbek, Mirabod va Bektemir tumanlarida ham kuzatilib, mazkur hududlarda yillik hisobda oʻrtacha 8 foiz atrofida oshish qayd etildi.


