AQSH prezidenti Donald Tramp Green Card lotereyasi dasturini vaqtincha toʻxtatdi, bunga Braun universiteti va MIT (Massachusets texnologiya instituti)dagi otishmalarda gumonlanuvchining Qoʻshma Shtatlarga ayni shu dastur orqali kirib kelgani sabab qilib koʻrsatilmoqda.
Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Xʻdagi postida Trampning koʻrsatmasiga binoan AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmatlariga (USCIS) ushbu dasturni toʻxtatib turishni buyurayotganini maʼlum qildi.
“Braun universitetidagi otishmada ayblangan Klaudio Manuel Nevesh Valente AQSHga 2017 yilda viza lotereyasi (DV1) orqali kirib kelgan va unga grin-karta berilgan. Bunday jirkanch kimsaning mamlakatimizga kirishiga hech qachon yoʻl qoʻyilmasligi kerak edi”, — deb yozdi u.
“2017 yilda ham prezident Tramp ushbu dasturni tugatish uchun kurashgan edi. Oʻshanda Nyu Yorkda ISHID terrorchisi yuk mashinasida odamlarni bosib ketgan, oqibatda sakkiz kishi halok boʻlgandi. Oʻsha terrorchi ham AQSHga aynan DV1 dasturi orqali kirgan edi”, — deydi Noem.
“Prezident Trampning topshirigʻiga binoan, men ushbu halokatli dastur tufayli boshqa amerikaliklarga zarar yetmasligini taʼminlash uchun AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmatlariga (USCIS) DV1 dasturini zudlik bilan toʻxtatishni buyurmoqdaman”, — deb taʼkidladi vazir.
Portugaliyalik 48 yoshli Klaudio Manuel Nevesh Valente, rasmiylarga koʻra, payshanba kuni kechqurun oʻz joniga qasd qilish alomatlari bilan oʻlik holda topilgan.
2025 yilgi viza lotereyasi uchun qariyb 20 million kishi hujjat topshirgan boʻlib, gʻoliblarning turmush oʻrtoqlari bilan hisoblaganda 131 000 dan ortiq nomzod tanlab olingan. Tanlovda gʻolib chiqqandan soʻng, ular AQSHga kirish uchun ruxsat olish maqsadida tekshiruvdan oʻtishlari shart.
Associated Pressʻning eslatishicha, 2025 yilda dasturda Portugaliya fuqarolari bor-yoʻgʻi 38 ta oʻrinni qoʻlga kiritgan. 38 ta oʻrin 55 000 ta viza kvotasining taxminan 0,069 foizini tashkil qiladi.


