Oʻtgan oʻn bir oyda Oʻzbekiston ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifi valyutaga boʻlgan talabdan yuqoriroq surʼatda oʻsdi. Bu haqda Markaziy bank yanvar-noyabr yakunlari boʻyicha ichki valyuta bozori sharhida maʼlum qildi.
Hisobot davrida xorijiy valyutaga boʻlgan talab oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshib, 53,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Ayni paytda taklif hajmi 45,6 mlrd dollarga yetdi (MB amaliyotlari bundan mustasno), oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish — 26 foiz.
Qayd etilishicha, monetar oltin bilan bogʻliq amaliyotlar hisobiga shakllangan qoʻshimcha likvidlik regulyatorning neytrallik tamoyili doirasidagi valyuta amaliyotlari va boshqa pul-kredit instrumentlari orqali sterilizatsiya qilib borilmoqda.
MB raisi Timur Ishmetov 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida 2025 yilda jahon bozorida oltin “narxi oshishi hisobiga oʻtgan yilgiga nisbatan koʻproq sterilizatsiya boʻlishini” taʼkidlagan edi — bu MB valyuta intervensiyalari hajmi koʻproq boʻlishini anglatadi. 2024 yilda MB 7,6 mlrd dollarlik valyuta intervensiyalarini amalga oshirgandi.
Yuridik shaxslarning valyuta taklifi talabdan tezroq oʻsdi
Yuridik shaxslarning xorijiy valyutaga boʻlgan talabi yanvar-noyabr oylarida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga (43,1 mlrd dollar), ular tomonidan valyuta taklifi esa 35 foizga (22,2 mlrd dollar) oʻsdi.
“Mazkur tendensiya, talab bilan bir qatorda taklifning oʻsish surʼati ham yuqori boʻlganini koʻrsatib, aynan shu omil soʻmning barqarorligi va mustahkamlanishiga sabab boʻldi”, — deya izohlaydi MB.
Oltinsiz eksport tushumlari hisobiga shakllangan valyuta taklifi ushbu davrda 16,0 mlrd dollarni tashkil etib (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish — 17%), shundan 8,9 mlrd dollari yoki 55 foizi ichki valyuta bozorida sotildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 mlrd dollarga (19%) koʻp boʻlib, ichki bozorda qoʻshimcha valyuta manbai boʻlib xizmat qildi.
Ayni paytda 8,1 mlrd dollarlik valyuta mablagʻlari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotildi, bu — oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 63 foiz yoki 3,5 mlrd dollarga koʻp.
Jismoniy shaxslarlarning valyuta operatsiyalari ijobiy saldosi qoʻshimcha taklif yaratdi
Yanvar-noyabr oylarida aholi tomonidan tijorat banklariga 19,4 mlrd dollar valyuta sotildi, bu — oʻtgan yilning mos davriga (14,6 mlrd dollar) nisbatan 1,3 barobar koʻproq. Ayni paytda jismoniy shaxslar tomonidan 10,6 mlrd dollar sotib olindi, oʻtgan yilning mos davriga (8,5 mlrd dollar) nisbatan oʻsish — 25 foiz.
Jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalarining ijobiy saldosi 8,7 mlrd dollardan ortiqni (2024 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobar koʻp) tashkil etdi va ichki valyuta bozorida qoʻshimcha taklif yaratdi.
Mazkur davrda 17,3 mlrd dollar miqdorida xalqaro pul oʻtkazmalari kelib tushdi (2024 yilning mos davriga nisbatan 25 foiz yoki 3,5 mlrd dollarga koʻp), aholi tomonidan banklarga valyuta sotuvi asosan pul oʻtkazmalari hisobidan amalga oshirildi. Bu, shuningdek, ichki valyuta bozoridagi taklifni ragʻbatlantirib, milliy valyuta qadri mustahkamlanishiga taʼsir etgan asosiy omillardan boʻldi, deya taʼkidlaydi MB.

MB infografikasi.
Ayni paytda 2,4 mlrd dollar miqdorida valyuta mablagʻlari mamlakatdan chiqib ketdi (2024 yilning mos davriga nisbatan 157 mln dollarga kamroq).
Ichki valyuta bozorida soʻm mustahkamlanishi davom etmoqda
Yanvar-noyabr oylarida soʻm dollarga nisbatan barqarorlashib, mustahkamlanish fazasiga oʻtdi. Milliy valyuta almashuv kursi yil boshidan buyon 7,5 foizga mustahkamlandi.

MB infografikasi.
Regulyator buni quyidagi omillar bilan izohlaydi:
- eksport tushumlarining oshishi;
- xalqaro pul oʻtkazmalari hajmining sezilarli darajada oʻsishi;
- xorijiy kreditlarning jalb qilinishi;
- import toʻlovlari hajmlarining nisbatan barqarorlashuvi;
- investitsiyalar, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmining oshishi.


