Adliya vazirligida “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qaror davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Ushbu hujjat bilan bir qator yangiliklar belgilandi, jumladan:
Endilikda mijozlar banklarda eskrou hisobvaraqlarini ochishlari mumkin (maʼlumot uchun: bu hisobvaraqlar elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdisi, ulushli shartnomalar boʻyicha va boshqa sohalarda bitimlar tuzishda qoʻllaniladi).
Bank hisobvaraqlarini ochish uchun mijozlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning hamda oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning YAIDXP (my.gov.uz) va/yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shaklini taqdim etishlari mumkin.
Norezident jismoniy shaxslar ilgari tegishli bankda bank hisobvaragʻini ochgan boʻlsa, ushbu bankda boshqa bank hisobvaraqlarini masofadan turib ochishi mumkin.
14 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxsga ota-onadan biri yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs (qonuniy vakili) tomonidan milliy va chet el valyutasida depozit, metall hisobvaraqlar ochish mumkin.
14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxslar milliy va chet el valyutasida depozit, metall hisobvaraqlarni mustaqil ravishda ochishlari mumkin.


