Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Banklar endi mobil ilova orqali oltin sotishi mumkin

Yangi nizom banklar, jumladan, mikromoliya banklariga mijozlarga mobil ilova orqali oʻlchovli oltin quymalarni sotish va qayta sotib olish imkonini beradi. Qimmatbaho metallni olish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat va “maxfiy kod”ni koʻrsatish kerak.

“Banklar tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Nizom banklar, shu jumladan, mikromoliya banklari tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Qimmatbaho metallar bilan bogʻliq quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:

  • mijozlar tomonidan oʻlchovli oltin quymalarni bankning mobil ilovasi orqali sotib olish va qaytarib sotish;
  • banklar tomonidan oʻlchovli oltin quymalarni Markaziy bankdan sotib olish orqali sotish va qaytarib sotib olish;
  • banklar tomonidan qimmatbaho metallarni elektron (jismoniy boʻlmagan) koʻrinishda sotish va qaytarib sotib olish.

Bank va mijoz oʻrtasida oʻlchovli oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish bankning mobil ilovasida oferta shartnomasini tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.

Toʻlov muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻng bankning mobil ilovasida mijoz tomonidan sotib olingan oltin quymaning “maxfiy kod”i aks ettiriladi.

Mijoz sotib olingan oʻlchovli oltin quymalarni bankdan olish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat hamda bankning mobil ilovasi orqali kelgan “maxfiy kod”ni taqdim etadi.