Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilishni nazorat qilish tartibi belgilandi

Endi yirik qarzdorlarning moliyaviy holati boʻyicha xatarlar darajasi “past xatarli”, “oʻrta xatarli” va “yuqori xatarli” deb toifalanadi.

Hukumat qarori bilan “Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi toʻgʻrisida ”gi nizom tasdiqlandi.

Nizom Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar, ularga tegishli boʻlgan korxonalar va ularga oʻzaro aloqador korxonalar guruhi tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilishni nazorat va monitoring qilish tartibini belgilaydi.

Yirik qarzdorlarning moliyaviy holati boʻyicha xatarlar darajasi “past xatarli”, “oʻrta xatarli” va “yuqori xatarli” deb toifalanadi.

Yirik qarzdorlarning toifasi:

  • “past xatarli” boʻlganda, jalb etilayotgan yangi moliyaviy qarz miqdoridan qatʼi nazar;
  • “oʻrta xatarli” boʻlganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlari qoldigʻining 5 foizidan yoki 20 million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlgan hollarda;
  • “yuqori xatarli” boʻlganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlar qoldigʻining 1 foizidan yoki 5 million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlgan hollarda Muvofiqlashtiruvchi komissiyani xabardor qilgan holda moliyaviy qarzlar jalb etiladi.

Yirik qarzdorlar moliyaviy holati yomonlashganda, Muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha quyidagi moliyaviy usullardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar beriladi, jumladan:

  • mavjud qarzlarni toʻlash uchun yangi, qulayroq shartlarda qarzlar (tashqi va ichki qarz, kredit) olish;
  • qarzdorlikni qayta koʻrib chiqish (muddatini uzaytirish, toʻlov jadvalini oʻzgartirish, foiz stavkasini pasaytirish, valyuta turini oʻzgartirishi).

Yirik qarzdorlar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning moliyaviy qarzni jalb qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilandi.