Uy-joyni sotib olish yoki hadya qilish shartnomalari, shuningdek, ayrim boshqa huquqiy bitimlar videoaloqa orqali notarius tomonidan rasmiylashtiriladi. Bu haqda 9 sentyabr kuni imzolangan prezident qarorida koʻzda tutilgan.
Qarorga asosan, 2026 yildan pasport yoki ID-karta oʻrniga shaxsni Face-ID yoki barmoq izi orqali tasdiqlash tizimi joriy etiladi. Dekabr oyidan esa ishonchnomalarni onlayn bekor qilish hamda ijro hujjatlarini elektron tarzda rasmiylashtirish mumkin boʻladi.
2026 yil iyundan nikoh shartnomasi va transport arendasi shartnomasi onlayn tasdiqlansa, dekabrdan meros va ipoteka shartnomalarini rasmiylashtirish imkoniyati paydo boʻladi.
2027 yil sentyabridan esa koʻchmas mulk almashinuvi, ijara shartnomalari va aliment toʻlovlari boʻyicha kelishuvlar onlayn tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2026 yil mart oyida “E-Notarius” mobil ilovasi ishga tushirilishi, notariuslar tomonidan tuzilgan ijro hujjatlari elektron hujjat aylanmasiga avtomatik integratsiya qilinishi koʻzda tutilgan. 2026 yil oxirigacha barcha notarial idoralar optovolokon internet bilan taʼminlanadi.
Mahalliy kommunal xizmatlar bazalari bilan ham integratsiya yoʻlga qoʻyilib, uy-joy oldi-sotdisi shartnomasi tasdiqlanishi bilan mulkdor haqidagi maʼlumotlar avtomatik yangilanishi belgilangan.


