Oʻzbekiston hisob-kitoblar uchun steyblkoinlardan (raqamli valyutalar) foydalanishni, shuningdek, fond bozoridagi aktivlar tokenizatsiyasini sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi oʻrinbosari Vyacheslav Pak maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, prezident Shavkat Mirziyoyev 10 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda ILMA va Markaziy bankka tegishli topshiriq bergan.
“Hisob-kitoblar uchun toʻlov vositasi sifatida steyblkoinlardan foydalanishni sinovdan oʻtkazish, shuningdek, kapital bozorida qimmatli qogʻozlarni tokenizatsiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish topshirildi”, — taʼkidladi Pak.
Uning qayd etishicha, agentlik xodimlari Markaziy bank va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “davlat rahbari bergan topshiriqni bajarish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradi”.
Avvalroq Qirgʻizistonda 2025 yilda USDKG steyblkoini — oltin bilan taʼminlangan va AQSH dollari kursiga bogʻlangan tokenni ishga tushirish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. Loyiha Qirgʻiziston Moliya vazirligi koʻmagida amalga oshirilmoqda, u token zaxirasi sifatida oltin koʻrinishida 500 million dollar ajratishi koʻzda tutilgan. Steyblkoin transchegaraviy operatsiyalarda va Markaziy Osiyoga qaratilgan xalqaro savdoda qoʻllanadi.
10 centyabr kuni Qirgʻizistonda bitkoin-rezerv toʻgʻrisidagi qonun loyihasi maʼqullandi.
Maʼlumot uchun, steyblkoinlar — kursi AQSH dollari, yevro yoki oltin kabi aktivlarga bogʻlangan kriptovalyuta tokenlari (kriptovalyutaning bir turi). Ular likvid aktivlar — milliy valyutalar, davlat obligatsiyalari yoki boshqa qimmatli qogʻozlarni garov sifatida ishlatadigan markazlashtirilgan tashkilotlar tomonidan chiqariladi. Eng mashhur steyblkoinlar USDT (Tether tomonidan chiqariladi) va UCDC (Circle tomonidan chiqariladi).
Tokenizatsiya — blokcheyn yordamida qimmatli qogʻozlarga (masalan, aksiyalar yoki obligatsiyalar) boʻlgan huquqlarni raqamli shaklga oʻtkazish. Qogʻoz yoki elektron sertifikatlar oʻrniga (hozirgidek) har bir qimmatli qogʻoz raqamli token — blokcheyndagi egalik huquqini tasdiqlovchi shifrlangan yozuvga ega boʻladi.


