Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Viloyatlarda Al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek va Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi

Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

“Iqtisodiyot rivojlanishi, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat taʼlim va muallimga bogʻliq. Sizlar bilan ish boshlagan birinchi kundan aytaman: taʼlim, taʼlim, taʼlim, muallim, muallim, muallim”, – dedi davlat rahbari.

Oʻqituvchiga munosib sharoit yaratish, bogʻcha, maktab qurish, jihozlash, chetdan mutaxassis olib kelish, zamonaviy darslik va oʻquv dasturlarini joriy qilish boʻyicha juda koʻp sharoitlar yaratilgani va bu yana davom ettirilishi taʼkidlandi.

“Lekin har bir tuman, viloyat hokimi, biz farzandlarimizni ishonib topshirgan bogʻcha, maktab, texnikum, oliygoh rahbarlari bir haqiqatni aniq bilishi zarur.

Odamlarimiz yaxshi yashashi uchun iqtisodiyotimiz kuchli boʻlishi kerak! Buning uchun yangi tovar, yangi xizmat, yangi texnologiya kerak! Sifatli taʼlim tizimi orqaligina bularga erisha olamiz! Boshqa yoʻlimiz yoʻq!

Shu haqiqatni anglab, har kuni oʻzini qiynab ishlagan rahbarning tumanida, bogʻchasi, maktabi, texnikumi, oliygohida albatta oʻzgarish va natija boʻladi!”, – dedi Prezident.

Yigʻilishda jalb qilinayotgan investitsiyalarga, yangi ochilayotgan korxonalarga yarasha munosib kadr ham tayyorlanishi lozimligi qayd etildi.

Oʻtgan davrda oʻqituvchilarning oyligiga qoʻshimcha 10 dan ziyod ustamalar joriy qilindi.

“Eʼtibor bering, bugun oʻz ustida ishlagan 60 mingdan ortiq oʻqituvchi 10-12 million soʻm maosh olyapti. Bu qachon boʻlgan?” – dedi Prezident.

Joriy oydan boshlab maktab direktorlari, bogʻcha mudiralari va ularning oʻrinbosarlari oyligi ham 10 million soʻmdan oshdi. Yangi baholash tizimiga oʻtgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija koʻrsatgani uchun butun jamoasi 40 foizgacha ustama oladi.

“Men xalqimizga vaqti kelib oʻqituvchilarning maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim mana uch yil ichida haqiqatga aylandi”, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz 195 ta medalni qoʻlga kiritdi. Ularga oshirilgan stavkada jami 10 milliard soʻm, murabbiy oʻqituvchilariga esa 3,5 milliard soʻm pul mukofoti beriladi.

Xorijiy til egalari jalb qilingan 1 mingdan ziyod maktabda til boʻyicha sertifikat olgan oʻquvchilar soni bir yilda 2,5 barobar koʻpaydi.

“Toʻgʻri, maktabgacha va maktab taʼlimida oʻzgarishlar boʻlyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy taʼlimga masʼul mutasaddilar haligacha taʼlimdagi islohotlar mazmunini toʻliq tushunib yetgani yoʻq”, – dedi davlat rahbari.

Shu bois, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha oʻrinbosarlari – birinchi oʻrinbosar Shoxruh Daliyev, oʻrinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani eʼlon qilindi.

Shuningdek, Prezident farmoni va qarori bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.

Endilikda maktabgacha va maktab taʼlimi hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning oʻrinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga oʻtib, taʼlimning barcha yoʻnalishlarida katta oʻzgarish qilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda bogʻcha oʻrinlarini qoʻshimcha 182 mingtaga koʻpaytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingi yangi bogʻchalar hissasiga toʻgʻri keladi.

Tumanlar hokimlari qolgan oʻrinlar nima hisobidan yaratilishini oʻylamayotgani tanqid qilindi. Misol uchun, 118 ta bogʻchadagi 255 ta xona taʼmirga muhtoj boʻlgani uchun boʻsh turibdi. Yoki joylarda 8 ta bogʻchani qurish va taʼmirlash 2-3 yildan beri choʻzilmoqda.

Chimboy, Gʻallaorol, Qiziriq, Boysundagi 1 tadan bogʻcha hali taʼmirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Boʻstonliq, Nurafshonda 1 tadan yangi bogʻcha qurilishi yakunlanmagan.

Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bogʻchadagi xonalarni taʼmirlab jihozlashga, yana 8 ta bogʻchani toʻliq ishga tushirishga 1 noyabrgacha muhlat berildi, aks holda tegishli choralar koʻrilishi haqida ogohlantirildi.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda 80 ta tumanda bogʻcha ochish uchun imtiyozlar eʼlon qilindi.

Ushbu mexanizmdan unumli foydalanib, bogʻcha oʻrinlarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Qashqadaryoning barcha tumanlarida xususiy sektor va chet ellik hamkorlar bilan ikki yil ichida bogʻcha va maktab oʻrni 3 barobar oshgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani oʻrganish topshirildi.

Umuman, har bir tumanda bogʻcha qamrovi 80 foizdan kam boʻlmasligi shartligi belgilandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga boʻsh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bogʻchada boʻsh joy boʻlsa, bogʻcha qurish rejasini belgilash vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga boʻsh yerlarda bogʻcha tashkil etish boʻyicha xususiy sheriklik yoki sarmoya kiritish sharti bilan uch yillik dastur qabul qilish, yangi xususiy bogʻchalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibini joriy qilish topshirildi.

Bir yilda 2 mingta koʻp qavatli uy qurilmoqda, ularning toʻrtdan biri – “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida.

Bunday massivlarda uylarning birinchi qavatida 100 oʻrinli xususiy bogʻcha ochish boʻyicha Bektemir va Yangihayot tumanlarida tajriba bor.

Buni barcha tuman va shahar hokimlari oʻz hududida qilishi kerakligi taʼkidlandi.

Endilikda ochiq muloqotda 80 ta tuman uchun aytilgan imtiyozlar yangi koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatida bogʻcha ochadigan tadbirkorlarga ham berilishi belgilandi.

Mutasaddilarga yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarda bogʻcha tashkil qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

“Qamrovni oshirish uchun barcha sharoit qilib beryapmiz, lekin bogʻchalarga yangi nafas, yangi metodika kirib borishi, tarbiyachilarning salohiyati ham shunga yarasha boʻlishi kerak”, – dedi prezident.

Yoz mavsumida 118 ming tarbiyachining malakasi oshirildi, lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.

Shu bois, yangi oʻquv yilidan pedagogika oliygohlarida oʻrta maxsus maʼlumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun oʻqish, 5 kun ish) bakalavr taʼlim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bogʻchalarga har yili qariyb 10 ming oliy maʼlumotli mutaxassis kirib keladi.

Xususiy bogʻcha bilan davlat bogʻchasi uchun taʼlim-tarbiya sifati boʻyicha yagona yondashuv yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan kelgusi yilda har bir viloyatda bogʻcha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik koʻmaklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bogʻchalari barpo qilinadi.

Mutasaddilarga “Yangi avlod” bogʻchasi loyihasini eski va bir xil yondashuvlardan chekinib, yangicha ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilish kun tartibidagi navbatdagi masala – maktab taʼlimi.

Olis hududlardagi 74 ming oʻquvchi hozirgacha 5-7 kilometr uzoqlikdan maktabga qatnayotgani qayd etildi.

Qashqadaryo va Surxondaryo hokimlari bu masalani ichiga kirib, mablagʻini hal qilib, 100 ta maktabda bepul avtobus qatnovini yoʻlga qoʻygan. Samarqand va Jizzax viloyatlari hokimlari ham bir oyda 100 ta shunday maktabga avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish tashabbusi bilan chiqqan.

Bu qolgan hududlar uchun namuna ekani koʻrsatib oʻtildi. Uch yil ichida iqtidorli oʻquvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilindi. Lekin 12 ta ixtisoslashgan maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari haligacha yakunlanmagani qayd etildi.

Tegishli viloyatlar hokimlariga ishlarni yil oxirigacha yakuniga yetkazish topshirigʻi berildi.

Oʻtgan yildan boshlab 1-sinflarda axborot texnologiyalari darslari yoʻlga qoʻyildi. Keyingi oʻquv yilidan yuqori sinflar uchun sunʼiy intellekt boʻyicha darslar kiritiladi.

Buning uchun 2 mingta sinf xonasiga kompyuter, 6 ming 300 ta interfaol doska kerak. Ushbu maqsadlarga zarur mablagʻlarni keyingi yil davlat byudjetida nazarda tutish topshirildi.

Iqtidorli oʻquvchilarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik boʻyicha Mirzo Ulugʻbek, tabiiy fanlar yoʻnalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi.

Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.

2026 yilda maktab oʻquvchilari oʻrtasida eng nufuzli ikkita – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi.

Bosh vazirga poytaxtimizda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.