Prezidentning tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmoni qabul qilindi.
Unga koʻra, foyda soligʻi boʻyicha har oy boʻnak toʻlovlarini toʻlashi lozim boʻlgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard soʻmdan 20 milliard soʻmga oshiriladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari oʻz mablagʻlari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari qurib, begʻaraz topshirganda, ushbu obyektlar uchun qilingan xarajatlar foyda soligʻi bazasidan kamaytiriladi.
Belgilanishicha:
- 2025 yil 1 noyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun belgilangan jismoniy shaxslardan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari naqd pulga xarid qilinganda, ushbu tovarlar uchun kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi;
- tadbirkorlik subyektlarining soliq auditi natijalari boʻyicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda toʻlash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi;
- 2025 yil 1 avgust holatiga “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” tizimi orqali soliq tekshiruvlariga nomzod sifatida shakllangan va soliq xavfi 16 trillion soʻm boʻlgan 20 mingdan ortiq subyektga soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati berilgan holda, ushbu roʻyxat 2025 yil 1 noyabr holatiga qaytadan shakllantiriladi;
2026 yil 1 yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishda:
- mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi;
- mobil videokameradan foydalanmasdan oʻtkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.


