Oʻzbekiston prezidenti tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznesni “soyadan” chiqarishni ragʻbatlantirishga oid oʻtgan haftadagi farmoni haqida soʻz yuritdi.
Farmonga koʻra, ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka toʻplagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga koʻmak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun 2030 yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.
Endi bunday tadbirkorlar uchun roʻyxatdan oʻtishdan tortib hisobot topshirishgacha boʻlgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh toʻlash imkoniyati yaratiladi.
Maʼlumki, Oʻzbekistonda 40 dan ziyod elektron toʻlov tashkilotlari mavjud va aholi oʻziga qulay mobil ilovadan foydalanmoqda.
Endi 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil toʻlov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.
Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1 yanvardan bir xil, yaʼni aylanmadan 1 foiz soliq toʻlashga oʻtkaziladi.
Masalan, hozir aylanmasi 100 million soʻmgacha boʻlgan yakka tadbirkor yillik 12 million soʻmgacha qatʼiy soliq oʻrniga koʻpi bilan 1 million soʻm toʻlaydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million soʻm soliq toʻlagan boʻlsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.
“Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion soʻm, tasavvur qilyapsizlarmi, 1 trillion soʻm qolyapti. Bu – kichik biznes uchun qoʻshimcha resurs, yakka tadbirkorlar oʻz biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat”, – dedi prezident.


