Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Ota-onalarga kontrakt toʻlovlari uchun soliq imtiyozini qoʻllashda yosh chegarasi bekor qilindi

Unga koʻra, ota-onalarga farzandining yoshidan qatʼi nazar OTMlarda taʼlim olishlari uchun yoʻnaltirilgan toʻlovlariga daromad soligʻi boʻyicha imtiyoz beriladi.

Oʻzbekistonda taʼlim toʻlovlariga daromad soligʻi boʻyicha imtiyoz qoʻllash tartibi oʻzgardi. Bu boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan professional va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyozni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi tegishli nizomga oʻzgartirishlar kiritildi.

Unga koʻra, Soliq kodeksiga muvofiq fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari oʻzi, farzandlari hamda 26 yoshga toʻlmagan eri yoki xotinining taʼlim olishiga yoʻnaltiriladigan toʻlovlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinmaydi.

Amaldagi tartibda ota-onalar uchun yosh cheklovi mavjud edi — ular 26 yoshgacha boʻlgan farzandlarining kontrakt toʻlovlari uchun daromad soligʻi boʻyicha imtiyoz olishi mumkin edi. Yangi tartib esa ushbu cheklovni bekor qiladi.

Bundan tashqari, oʻzgartirishlar bilan shartnoma toʻlovlari oʻzi, farzandlari yoki eri va xotinining oʻqishi uchun toʻlansa, soliq chegirmasi jismoniy shaxs taʼlim oluvchiga, uning ota-onalari hamda agar oʻqish uchun toʻlov taʼlim oluvchi 26 yoshgacha amalga oshirilgan boʻlsa xotini yoki eriga ham beriladi.

Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

2023 yilning may oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan yoshidan qatʼi nazar farzandlarining taʼlim tashkilotlarida taʼlim olishlari uchun yoʻnaltiriladigan toʻlovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi.

Soliq qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar OTMlarda taʼlim oluvchi farzandlariga kontrakt toʻlovlarini oʻz oylik ish haqidan toʻlasa, 12% jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini qaytarib olishlari mumkin. Bu tartib oʻzi ishlab, kontraktini toʻlagan talabalar va turmush oʻrtogʻi uchun kontrakt toʻlaganlarga ham amal qiladi. Shu bilan birga, oʻqish uchun banklar tomonidan ajratilgan taʼlim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.