Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan daromad soligʻini toʻlash tartibi bekor qilinadi

2026 yil 1 yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

“Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsad va ustuvor vazifalari etib belgilandi:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning ixtiyoriy ravishda rasmiy sektorda ishlashini ragʻbatlantiruvchi raqobatbardosh va shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish;
  • maʼmuriy tartib-taomillarning takrorlanuvchi va ortiqcha talablarini bekor qilish;
  • roʻyxatidan oʻtkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha boʻlgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratish;
  • naqd pulsiz toʻlovlarni qabul qilish uchun qulay va samarali mexanizmlarni joriy etish.

Qarorga koʻra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini band qilgan shaxslarga davlat va moliyaviy xizmatlarni onlayn tarzda koʻrsatish boʻyicha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash tartibi;
  • soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi yuz million soʻmdan oshmagan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq toʻlashdan ozod qilish tartibi.

– Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.