Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev 11 avgust kuni prezident huzurida boʻlib oʻtgan yigʻilishdan keyin “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash doirasida soliq maʼmurchiligida taklif etilayotgan oʻzgarishlar haqida gapirib berdi.
“Xufiyonaga qarshi kurash boʻyicha beshta asosiy yoʻnalishlar tanlangan boʻlsa, ikkita yoʻnalish, bu — birinchisi soliq toʻlovchilarga yengilliklar yaratish va ularning masʼuliyatini oshirish boʻlsa, ikkinchici — bu soliq maʼmurchiligini takomillashtirish”, — dedi u.
Mirzayevning soʻzlariga koʻra, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish deganda soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash yoki ularni toʻlamaslik holatlari boʻyicha chora-tadbirlar tushuniladi.
“Soliq kodeksi boʻyicha kameral soliq nazorati bor: soliq organlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar va ular tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida soliq majburiyatini bajarish boʻyicha tahlil oʻtkaziladi. Ayrim holatlarda tegishli maʼlumotlar oʻsha kameral natijasida bartaraf qilinmasa, soliq auditi chiqib, ularga jarimalar qoʻllashga sabab boʻladi”, — deya aniqlik kiritdi u.
«Shuning uchun biz mana shu soliq toʻlovchilarga oʻsha xato-kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida, agar qoʻshimcha maʼlumotlar soliq organlarida mavjud boʻlmasa, shuni shaxsiy kabinet orqali olib, ularni bartaraf qilib, qoʻshimcha jarimalar hisoblanishini oldini olishga xizmat qiladigan tartib-qonun qoidalarini taklif qildik. Bu birinchi asosiy masala», — dedi Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari.
Mirzayev, shuningdek, soliq organlari orasida resurslarni qayta taqsimlash boʻyicha takliflar haqida ham gapirib oʻtdi.
“2500 dan oshiq soliq organlari [xodimlari] yer-mulk soligʻi boʻyicha resurslarni sarflayapti. Shuni biz billing tizimiga bir integratsiya qilib, oʻsha maʼmurchilikni oson qilib, shundan boʻshagan mutaxassislarni biz oʻsha qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmurchiligiga yoʻnaltirishni taklif qilyapmiz”, — dedi u.
Uning aytishicha, bu mutaxassislar xavflar yuqori boʻlgan korxonalar bilan ishlab, ularga soliq majburiyatlarini ijro etish va xavflarni pasaytirishda yordam beradi. Soliq toʻlovchilar bilan birga soliq toʻlamaslik boʻyicha yirik holatlar oldini oladi.
“Bu birinchi navbatda davlat budjetiga tushumlarni koʻpaytiradi, ikkinchidan, xufiyona bilan ishlaydigan korxona tashkilotlarini toʻgʻri ishlashga majburlaydigan bir tizimni [yaratadi]”, — deya taʼkidladi Mirzayev.


