2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga koʻra, ushbu kompaniyalar oʻzlarining moliyaviy hisobotlarini eʼlon qildi. Unga koʻra, har uchala kompaniya ham oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sof foyda va tushumda sezilarli oʻsishga erishgan.
Paynet — 201,7 milliard soʻm
Paynet kompaniyasi 2025 yil yanvar–iyun oylarida 201,7 milliard soʻm miqdorida sof foyda oldi.
Ushbu koʻrsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 64,4 milliard soʻmga yoki 46,9 foizga koʻproqdir. Taʼkidlash joizki, oʻtgan yili Paynet ushbu davrda 137,3 milliard soʻm sof foyda qayd etgan edi.
Hisobotga koʻra, kompaniyaning umumiy tushumi ham sezilarli oshgan. Ushbu koʻrsatkich olti oyda 252,3 milliard soʻmga yoki 50,04 foizga oʻsib, 756,5 milliard soʻmni tashkil etdi.
Payme —166,3 milliard soʻm
Payme kompaniyasi 2025 yilning ilk olti oyida 166,3 milliard soʻm sof foyda oldi.
Paymeʻning sof foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 53,5 milliard soʻmga yoki 47,4 foizga oshdi. 2024 yilning ayni shu davrida kompaniya 112,8 milliard soʻm sof foyda olgan edi.
Kompaniyaning sof tushumi 327,1 milliard soʻmni tashkil qildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 112,9 milliard soʻmga yoki 52,7 foizga koʻproq.
Click —154,7 milliard soʻm
Click kompaniyasi 2025 yilning birinchi yarim yilligida 154,7 milliard soʻm miqdorida sof foyda koʻrdi.
Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 37,7 milliard soʻmga yoki 32,2 foizga koʻproqdir. Maʼlumot uchun, Click 2024 yilning ayni shu davrida 117 milliard soʻm sof foyda olgan edi.
Kompaniyaning sof tushumi ham oshgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 80,8 milliard soʻmga oʻsib, 353,4 milliard soʻmni tashkil qilgan.


