Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekistonning 2026–2028 yillarga moʻljallangan Fiskal strategiyasini taqdim qildi.
Unda Oʻzbekiston toʻrtta yirik davlat banki — “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Aloqabank” va “Turonbank”ni xususiylashtirish muddati yangilangan.
“Oʻzsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirish 2025–2026 yillarga, qolgan uch bankniki esa 2026–2027 yillarga moʻljallangan.
Xususiylashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda banklarni institutsional oʻzgartirish (faoliyatini transformatsiya qilish), ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketini sotish nazarda tutilgan.
“Bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmini keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini taʼminlash maqsadida «Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bank” AJ, “Agrobank” ATB, “Xalq banki” AT, “Mikrokreditbank” va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB ustav kapitallaridagi davlat ulushini saqlab qolish maqsad qilingan», deyiladi hujjatda.
Maʼlumot uchun, mamlakatdagi ikkinchi yirik bank hisoblangan “Oʻzsanoatqurilishbank”dagi barcha davlat ulushini 2022 yil oxirigacha, keyinchalik esa 2023 yil oxirigacha savdoga chiqarish rejalashtirilgandi. Shundan soʻng 2024 yil oxirigacha xususiylashtirish orqali bankdagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirishga qaror qilindi, ammo bu amalga oshmadi.
Avvalroq “Asakabank” xususiylashtirish muddati 2023 yil oxiridan 2025 yil oxirigacha surilgani xabar qilingandi. “Asakabank” bugungi kunda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (88,22 foiz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (10,85 foiz), Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (0,73 foiz), “Oʻzavtosanoat” (0,1 foiz), “Oʻzagrosugʻurta” (0,08 foiz) va “Oʻzbekinvest”ga (0,02 foiz) tegishli.
2025 yil 1 yanvargacha (avval 2023 yil 1 iyulgacha edi) fond birjasida “Aloqabank” uchun IPO oʻtkazish rejalashtirilgandi. Bu bankdagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi — 61,8 foiz, “Oʻzbektelekom” — 22,03 foiz, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi — 6,3 foiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 4,32 foiz, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK — 2,11 foiz, boshqalar — 3,44 foiz.
Joriy yilning yanvar oyida qabul qilingan prezident farmonida 2025 yilning yakunigacha yuqoridagi 3 ta bankni sotishni amalga oshirish koʻzda tutilgandi.


