Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Defitsit qisqardi, gaz va oltin sotish koʻpaydi – Oʻzbekiston tashqi savdosi sharhi

2025 yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston 355 mln dollarlik gaz eksport qilib, 572 mln dollarlik importni amalga oshirdi. Gaz sotish 50 foizga oshgan boʻlsa, sotib olish 30 foizga kamaydi.

2025 yil yanvar iyun oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 37 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 5 mlrd 123 mln dollarga yoki 16,1 foizga koʻp.

Bunda eksport hajmi 16,88 mlrd dollar (+29,1 foiz), import hajmi esa 20,13 mlrd dollar (+7 foiz) boʻlgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 3 mlrd 246 mln dollargacha qisqargan.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (17,7 foiz), Rossiya (16,3) Qozogʻiston (6 foiz), Turkiya (3,6 foiz) va Janubiy Koreya (2,3 foiz) bilan qayd etilgan.

Dastlabki 6 oylikda yirik hamkor davlatlardan Turkiya, Janubiy Koreya, AQSH, Turkmaniston, Italiya va Litva bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Xitoy, Afgʻoniston, Fransiya, Germaniya, Hindiston, BAA kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.

Eksport

Hisobot davrida 6 mlrd 492 mln dollarlik (+54,8 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 38,4 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,9 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,2 foiz), kimyoviy vositalar (5,8 foiz), mineral yoqilgʻilar (4,3 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (4,1 foiz) ham sezilarli ulushga ega boʻlgan.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti boʻyicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,1 foiz), XXR (5,4 foiz), Qozogʻiston (4 foiz), Afgʻoniston (3,6 foiz), Turkiya (3 foiz), Fransiya (2,9 foiz), BAA (1,8 foiz), Qirgʻiz Respublikasi (1,6 foiz) Tojikiston (1,4 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar boʻlgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 36,8 foizni tashkil etadi.

Yanvar iyun oylarida 355 mln dollarlik gaz sotilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 50,5 foizga koʻp. Bundan tashqari, 277 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-1,9 foiz), 100 mln dollarlik elektr toki (+52,5 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.

Hisobot davrida qariyb 136 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 18,9 foizga kam.

Import

Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (32,9 foiz), sanoat tovarlari (16 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (12,9 foiz) hisobiga toʻgʻri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:

  • Xitoy – 28,1 foiz;
  • Rossiya – 19,8 foiz;
  • Qozogʻiston – 7,6 foiz;
  • Janubiy Koreya – 4,1 foiz;
  • Turkiya – 4,1 foiz;
  • Germaniya – 2,9 foiz;
  • Hindiston – 2,7 foiz.

Gaz importi yarim yillikni hisobga olganda qisqargan. Hisobot davrida 572 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichning 70 foizini tashkil etadi. Ammo birgina iyun oyida 286 mln dollarlik gaz import qilingan. Bu yanvar may oylaridagi umumiy koʻrsatkichdan ham koʻproq.Shuningdek, avtomobil olib kirish ham sezilarli darajada qisqarib ketgan. Jumladan, yanvar iyun oylari davomida 1 mlrd 522 mln dollarlik (-8,5 foiz) mashina import qilingan. Oʻz navbatida, avtomobillar qismlari va anjomlari importi 34 foizga oshib, 802 mln dollarga yetgan.