Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi. Ushbu Farmonga muvofiq, Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.
Farmonga asosan, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yoʻnalish belgilandi. Bular — taʼlim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir. Ushbu yoʻnalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar oʻrinbosar lavozimi joriy etildi.
Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat boʻyicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yigʻilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash boʻyicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.
Endilikda har qanday normativ-huquqiy hujjat va loyiha Prezident Administratsiyasi huzuridagi ilmiy-tahliliy institutlar tadqiqotlari, olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarning tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi.
Muhim yoʻnalishlar loyiha ofislari orqali amalga oshiriladi. Administratsiya faoliyatida “komplayens” tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa shaffoflikni taʼminlash, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Ayrim yoʻnalishlarda Prezident vakillari lavozimlari joriy etildi. Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatilib, uning asosida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilmoqda.
Davlat idoralarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirilmoqda. Matbuot kotiblari instituti yanada mustahkamlanadi, aholi bilan kommunikatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.
Farmon bilan vazirlik va idoralarning qaror qabul qilishdagi mustaqilligi oshiriladi. Bu bilan bogʻliq byurokratik jarayonlar qisqaradi, ular proaktiv faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar kengaytiriladi.
Hukumat qarorlari, idoraviy hujjatlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari bilan tartibga solinadigan masalalar roʻyxati belgilanadi.
Endilikda idoralar oʻzlariga tegishli sohani mustaqil tartibga solish vakolati doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qila oladi.
Idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazishda qayta ishlash (tahrirlash) imkoniyati yaratiladi. Idoraviy hujjatlarni xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonida ularga huquqiy normalarni kiritishga ruxsat etiladi.


