Ushbu maqolada tejashni eskicha “pul kamligi” yoki “oʻzingni siqib yashash” deb emas, balki zamonaviy, oqilona, erkin yashash vositasi sifatida koʻrib chiqamiz.
Tejash – oʻzingga emas, keraksiz narsalarga “yoʻq” deyishdir.
“Tejamkorlik” – koʻpchilik uchun “kambagʻallik bilan kelishib yashash”dek tuyuladi. Lekin aslida bu shunchaki moliyaviy ixtiyorni qoʻlga olishdir. Yaʼni har bir soʻmni oʻylab ishlatish, har bir sarfda sabr, ong va maqsad boʻlishidir.
“Boy odam har doim koʻp daromad qilgan emas, balki har doim oʻz harajatlarini bilgan odamdir”, – deydi Robert Kiyosaki.
Xarajat qilishdan oldin bir daqiqa toʻxtab, oʻzingizga savol bering: “Bu narsa menga xizmat qiladimi yoki men unga xizmat qilamanmi?”
Koʻp hollarda, pul sarflagach ham hayotingiz oʻzgarmaydi. Lekin shu pulni jamgʻarsangiz, bir yil ichida hayotingizni ozmi-koʻpmi oʻzgartiradigan sarmoyaga aylanadi.
Haqiqiy erkinlik degani – istagan joyga borish, istagan kursda oʻqish, bolangga yoki oilangga ortiqcha “hisob-kitob”siz narsa olib berish emasmi? Shunday hayot uchun esa daromaddan koʻra muhimroq narsa bor – bu tartibli xarajat.
Yapon yozuvchisi Masaru Ibuka yozadi: “Odamlar bilimni bolaligidan oʻrganadi, pul bilan muomala qilishni esa hayot oʻrgatadi”. Biz ham puldan qoʻrqib emas, pulni boshqarib yashashga oʻrganishimiz kerak. Tejamkorlik – bu yoʻldagi birinchi qadam. Undan uyalmaylik.
Pul tejash uchun samarali qoidalar
1. “Avval oʻzimga” qoidasi – 10 foiz qoidasini joriy qiling. Oylik tushgan kuni birinchi qilinadigan ish – xarajat qilish emas, oʻzingga jamgʻarma ajratish boʻlsin.
“Birinchi boʻlib oʻzingga toʻla” tamoyili quyidagicha: har oy oylikdan kamida 10 foizini alohida hisobga (yoki konvert, yoki bank kartasiga) solish kerak. Tez orada bu pulga boshqacha koʻz bilan qaray boshlaysiz – bu sizning kelajagingiz, xavfsizlik zaxirangiz, xotirjamligingiz garovi.
2. Hech boʻlmasa, 1 oy davomida barcha xarajatlaringni yozib boring. Bu oddiy tuyuladi, lekin juda yaxshi usul: 1 oy davomida nima sotib oldingiz, qancha sarfladingiz, qachon – barchasini yozing. Yozganda shunchalik koʻp “bekorchi xarajatlar” borligini koʻrib, oʻzingiz hayron qolasiz.
Bu tahlildan keyin “qaysi xarajatni qisqartirsa boʻladi”, “qayerga ortiqcha ketyapti” degan haqiqat koʻrinadi. Shundagina haqiqiy nazorat paydo boʻladi.
Buning uchun Zenmoney, Moneyfy yoki Coinkeeper kabi foydali ilovalarni ishlatish mumkin. Yoki shunchaki oddiy daftar bilan ham boshlasa boʻladi.
3. Maqsadli tejash – avtomatlashtirilgan tejash
Maqsadsiz jamgʻarma uzoqqa bormaydi. Pulni “nimagadir” emas, “mana bu narsaga” deb aniq ajratsangiz – bu psixologik farq qiladi. Masalan:
• “Dubay safari uchun har oy 500 ming soʻm”
• “Kurs uchun 6 oyda 3 million soʻm yigʻish”
• “Farzandimga maktab fondi”
Shu jamgʻarma uchun alohida nom bilan konvert yoki karta oching.
4. “24 soat qoidasi”ga doim odat qiling
Har safar birdaniga xarid qilgingiz kelganda, kuting! Oʻzingizga shart qoʻying: ertagacha kutaman.
80 foiz holatda odamlar 24 soat ichida bu xarid kerak emasligini tushunib yetadi. Bu – pulni saqlashning eng kuchli psixologik usuli.
Mashhur investor Uorren Baffett aytadi: “Agar har bir xohlagan narsangni olsang, oxir-oqibat eng keraklisiga puling qolmaydi”.
5. “No spend day” – hafta/oyda 1 kun xarajatsiz oʻtishini belgilab qoʻying
Masalan, har payshanba – “xarajatsiz kun”. Bu kuni hech narsaga pul sarflamayman. Hatto choyxona, transport, kichkina shirinlik ham sotib olmayman.
Bu – puldan koʻra koʻproq hissiy impulslarni boshqarish mashqi. Nafaqat tejaydi, balki oʻz ustingizdan nazorat tuygʻusini kuchaytiradi.
6. “Sovgʻa fondi”ni tayyorlab qoʻying
Yil davomida tugʻilgan kunlar, toʻylar, bayramlar bor. Har gal kattaroq xarajatga tushish oʻrniga, har oy muayyan summada jamgʻarib borish – oqilona yechim.
Pul – bu vosita, u maqsad emas. Bu vositani qanday ishlatishingiz hayotingizni belgilaydi. Tejash esa – bu vositani ongli va strategik ishlatish sanʼatidir.


