Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

NKMK yarim yilda salkam 48 tonna oltin ishlab chiqardi

Muruntov koni dunyodagi eng yirik ochiq kon boʻlib qolmoqda, uning resurs bazasi 3141 tonna oltinga teng. NKMKning umumiy foydali qazilma zaxiralari 4354,4 tonna baholanmoqda.

2025 yilning birinchi yarmida Navoiy kon-metallurgiya kombinati jami qiymati 60,8 trillion soʻmga teng mahsulotni ishlab chiqardi, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 44,1 foizga koʻproq. Bu haqda NKMK matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1,4 foizga oshib, 1,54 ming troy unsiya (47,8 tonna) oltinni tashkil etdi. Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, hisob-kitoblar bir unsiya uchun 3113 dollar qiymatida olib borilgan.

Investitsiya dasturi doirasida 219,5 mln dollarlik mablagʻ oʻzlashtirildi, bu 2024 yil yanvar iyunidagi koʻrsatkichdan (363,5 mln dollar) 39,6 foizga kam demakdir. 1190 ta yangi ish oʻrni yaratildi (bir yil avval — 227 ta).

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 757,5 mlrd soʻmlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi (bir yil avval — 471,6 mlrd soʻm), tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida 3,6 trln soʻmdan ortiq mahsulot xarid qilindi (oʻtgan yili — 3,2 trln soʻm).

Xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ijrosi mahsulot tannarxini 1,8 trln soʻmga kamaytirish imkonini berdi (bir yil avval — 1,2 trln soʻm).

Muruntov koni dunyodagi eng yirik ochiq kon boʻlib qolmoqda, uning resurs bazasi 101 mln unsiya (3141 tonna) oltinga teng. NKMKning umumiy foydali qazilma zaxiralari 140 mln unsiyaga (4354,4 tonna) baholanmoqda.

Daromad va foyda boʻyicha maʼlumotlar keltirilmagan.

“Muruntov konini oʻzlashtirish V navbat 2-bosqich” yirik investitsiya loyihasi boʻyicha texnik iqtisodiy asoslar ishlab chiqildi. Ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida Muruntov konidan yiliga 60 mln tonna oltin tarkibli maʼdanni 2-gidrometallurgiya zavodiga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2030 yilgacha NKMK barqaror rivojlanish dasturiga muvofiq bir qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, 7-gidrometallurgiya zavodining qayta ishlash quvvatini kengaytirish boʻyicha investitsiya loyihasi olib borilmoqda, uning amalga oshirilishi qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, zamonaviy talablarga javob beradigan energiyasamarador va ilgʻor texnologiyalarni joriy etgan holda zavodda yiliga 26 mln tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash imkonini beradi.

Shuningdek, Qoqpatas va Dovgʻiztov oltin konlarida maʼdan qazib olish boʻyicha (3-navbat) loyihani amalga oshirish ishlari davom etmoqda. Uning amalga oshirilishi natijasida 3-gidrometallurgiya zavodida yiliga 10 mln tonna oltin tarkibli maʼdanlar qayta ishlanadi.

Zarmitan konining quyi gorizontlarini oʻzlashtirish investitsion loyihasi doirasida Zarmitan konida diametri 6,5 metr va chuqurligi 1000 metr boʻlgan “Skipli” stvol — zamonaviy muhandislik inshooti ishga tushirildi va bu Oʻzbekiston kon-metallurgiya sanoati tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu inshoot yiliga 1,4 million tonna ruda qazib olish, uni 4-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib berish imkonini beradi. Shuningdek, u ishchilarni pastga tushirish, yer osti suvlarini chiqarib tashlash va shaxtani shamollatish vazifalarini ham bajaradi.