Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Yandex Go haydovchilari va kuryerlari olti oyda 340 mln dollar daromad oldi

Yandeks Go ekotizimida 179 ming haydovchi va 49 ming kuryer faoliyat yuritmoqda. Kompaniya kundalik faol boʻlgan — kuniga 7−8 soat ishlaydigan ijrochilar soni ortib borayotganini taʼkidlandi.

2024 yilda Oʻzbekistonda Yandex Go ekotizimidagi haydovchi, kuryer va hamkorlar jami 530 mln dollar daromad oldi. Bu haqda Yandex Uzbekistanʻning davlat organlari bilan aloqalar boʻyicha direktori Sardor Qodirov oʻzining Telegram-kanalida maʼlum qildi.

Joriy yilning birinchi yarmida esa bu koʻrsatkich 340 mln dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 50 foizdan ortiqqa oshgan.

Qodirovning qayd etishicha, bu raqamlar “Taksi”, “Yetkazib berish”, “Yandex Yeda” va “Lavka” xizmatlaridan olingan buyurtmalar asosida hisoblangan boʻlib, u komissiyasiz sof daromadni oʻz ichiga oladi.

2025 yilning iyun oyi holatiga koʻra, Yandeks Go ekotizimida 179 ming haydovchi va 49 ming kuryer faoliyat yuritmoqda. Kompaniya kundalik faol boʻlgan — kuniga 7−8 soat ishlaydigan ijrochilar soni ortib borayotganini taʼkidladi.

2 iyuldan agregatorlar oʻzini oʻzi band qilgan taksi haydovchilari va kuryerlar uchun soliq toʻlashni boshlagandi. Kompaniyalar yillik daromadi 100 mln soʻmdan yuqori boʻlgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslardan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlarni ushlab qoladi va Soliq qoʻmitasiga yoʻnaltiradi.

Yandex Uzbekistan esa platformalardagi oʻzini oʻzi band qilgan haydovchilar va kuryerlar uchun soliq toʻlash jarayonini avtomatlashtirgan birinchi kompaniya boʻldi. Soliq qoʻmitasining qayd etishicha, joriy yil davomida yillik daromadi 100 mln soʻmdan oshgan oʻzini oʻzi band qilganlar soni 189 tani tashkil etgan.