Endi banklar top-300 talik oliygohga kirganlarga imtiyozli taʼlim krediti ajratadi. Bu haqda 30 iyun kuni Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida maʼlum qilindi.
Joriy yil fevral oyida oʻtgan uchrashuvda yoshlar uchun 40 dan ziyod yangi tashabbuslar eʼlon qilinib, qariyb $500 mln ajratildi. Bu yil $35 mlrdlik 8 300 ta loyiha ishga tushirilib, 292 mingta ish oʻrni yaratiladi. Yana 500 mingta ish oʻrni yaratadigan $83 mlrdlik loyihalar rejalashtirilgan.
Masalan, energetikada $20 mlrd, neft-gaz va kimyoda $11 mlrd, togʻ-konda $7 mlrd, elektrotexnika va avtomobilsozlikda $4,5 mlrdlik minglab korxonalar ishga tushadi.
Ishlar boshlanishi bilan “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energiya, raqamli geologiya, texnologik minerallar, bio-injeneriya yoʻnalishlarida minglab mutaxassislarga talab oshishi kutilmoqda.
El-yurt umidi jamgʻarmasining stipendiya tanlovi doirasida top-300 talik oliygohga kirganlar uchun oʻqish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi.
STEM yoʻnalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika), energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar bir necha barobar oshiriladi.
Endilikda banklar top-300 talik oliygohga kirgan yoshlarga $20 minggacha imtiyozli taʼlim krediti beradi.
Bundan tashqari, “Garvardchilar” maktabi Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida faoliyatini boshladi. Ushbu xalqaro maktabga bu yilgi 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar oʻquvchi saralab olinadi va 3 ta yoʻnalishda oʻqitiladi. Kelgusida oʻquv oʻrinlari karrasiga koʻpaytiriladi.
Milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming oʻquvchi seleksiya qilinib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi nufuzli oliygohlarga tayyorlanadi. Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari boʻladi.


