Qashqadaryo viloyatiga tashrif davomida prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatdagi tabiiy boyliklarni iqtisodiyotga jalb qilish boʻyicha yangi topshiriqlar berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yilda viloyatga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Oʻtgan besh oyda ayrim tumanlar, jumladan, Koson, Kitob va Chiroqchida investitsiya hajmi qariyb ikki barobarga oshgan.

Biroq viloyat hududidagi 12 ta konga hali sanoat kirib bormagan. Qurilish materiallari sohasida 150 million dollarlik 16 ta loyiha tayyorlangan. Prezident mutasaddilarga ushbu konlarni auksionga chiqarishni topshirdi.

Xususan, Kitob tumanida 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangani aytildi. Davlat rahbari tabiatga zarar yetkazmasdan, yopiq usulda oltin qazib olishga 100−150 million dollar sarmoya kiritishga tayyor tadbirkorlar koʻp ekanini taʼkidladi. Shu bois ushbu konni ham auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, Kitobdagi yana beshta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin, Chiroqchi tumanida esa 10 ming tonna noyob metall resursi aniqlangan. Ushbu maydonlarda geologiya ishlarini boshlash boʻyicha topshiriq berildi.