Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda kiberjinoyatchilar fuqarolardan 603 mlrd soʻm oʻgʻirladi

Kiberjinoyatlarning 98 foizi bank kartalari orqali sodir etilgan. Jinoyatchilar asosan bank kartasi yoki mobil ilova boshqaruvini qoʻlga kiritish uchun zararli havolalar va dasturlar yuboradi.

2024 yilda Oʻzbekistonda kiberjinoyatlar soni 9,1 barobarga oshgan. Bu haqda 29 may kuni IIV Kiberjinoyatlar markazida tashkil etilgan press-turda maʼlum qilindi.

Soʻnggi besh yilda jismoniy va yuridik shaxslarning kiberhuquqbuzarliklar boʻyicha murojaatlari 34 baravar, kiberjinoyatlar soni esa 68 baravardan ortiqqa koʻpaygan. 2019 yilda axborot texnologiyalari orqali 18 turdagi 863 ta kiberjinoyat sodir etilgan boʻlsa, oʻtgan yili 62 turdagi 58 800 ta jinoyat qayd etilgan.

Kiberjinoyatchilar oxirgi uch yilda fuqarolarning 1,9 trln soʻmdan ortiq mablagʻini talon-taroj qilgan. Oʻtgan yilning oʻzida esa bu 603 mlrd soʻmni tashkil etgan.

“Umumiy jinoyatchilikda kiberjinoyat ulushining sezilarli darajada ortayotgani ularning oldini olish zaruratini yanada dolzarblashtirmoqda”, — deya qayd etildi markazda.

2023 yilda kiberjinoyatlarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 6,2 foizni tashkil etdi, 2024 yilda esa bu 44,4 foizga yetdi. Deyarli har ikkita jinoyatning bittasi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan.

Tahlillar bank kartalari bilan bogʻliq oʻgʻirlik va firibgarlik holatlari kundan-kunga avj olayotganini koʻrsatmoqda. Kiberjinoyatlarning asosiy qismi — 98 foizi aynan bank kartalari orqali amalga oshirilgan. Jinoyatlar quyidagi usullarda sodir etilmoqda:

  • 60 foizi zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali bank kartasi yoki mobil qurilma boshqaruvini qoʻlga kiritish;
  • 16 foizi turli aldovlar bilan karta va ilova akkauntlari boshqaruvini tasdiqlovchi SMS-kodni qoʻlga kiritish orqali;
  • 4 foizi fuqaro nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish;
  • 11 foizi onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar;
  • 9 foizi turli usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolarning pul mablagʻlarini jalb qilish tarzida.

Kiberjinoyatlar markazi AKTning kengayishi va real vaqt rejimida axborot olish imkoniyatining oshishi sharoitida kiberjinoyatlar murakkab transmilliy muammoga aylanib borayotganini qayd etdi.

Ularning oldini olish uchun esa fuqarolarning kibertahdidlardan ogohlini va raqamli savodxonligini oshirish kerak, deya xulosa qilindi